15:44 / 27.08.2018
4 765

Said Ahmaddan tuhfa: “Muhabbatning tugʻilishi”

Said Ahmaddan tuhfa: “Muhabbatning tugʻilishi”
MUHABBATNING TUGʻILISHI

Kecha juda oydin edi. Azamat teraklarning yaproqlari kumush astarlarini oyga tutib, orom uyqusiga ketishgan. Faqat ariqlardagi tinmagur suvlargina qoʻngʻiroq chalib sapchishadi, qirgʻoqlardagi giyohlarning barglarini tortqilab, ularni uzoqlarga olib ketmoqchi boʻlishadi. Uyalarida mudragan qushlar esa uyqusirab patirlab qoʻyishadi.

Shu orom va farogʻatga toʻla saraton tunida bogʻ koʻchadan bir qiz bilan bir yigit keladi. Ularning soyalari oldinga choʻzilgan, xuddi shu soyani bosib olmoqchi boʻladilar-u, yetolmaydilar. Baʼzan ularning bu uzun soyalari daraxt soyalariga qoʻshilib ketadi-da, yana paydo boʻladi. Ular anhor koʻprigi ustida toʻxtashdi. Ikkovining soyasi koʻprik ustiga koʻndalang tushib yotib oldi.

— Qachon ketasan? — bu qizning ovozi edi.

— Hozir ketaman! — dedi yigit bir qadam orqaga tisarilib. Uning soyasi koʻprikdan oshib, suv betiga tushdi. Oyning suv jimiridagi chaqini oʻchdi.

— Yoʻq, Mirzachoʻlga qachon ketasan, deyapman.

— Biron haftadan keyin ketsam kerak, — dedi yigit beparvolik bilan. Endi u yana oldinga choʻzildi. Suv jilvasida yana oyning kumush tangasi chaqnadi. — Oʻzi uying qayoqda? Yetay deb qoldikmi.

Qiz orqasini oʻgirib oldi.

— Oʻn yil birga oʻqib, haligacha uyimni koʻrmagansan-a, qoʻy-e. — Uning ovozida qandaydir oʻpkami, taʼnami, nimadir bor edi.

Ular bir necha minut soʻzsiz turib qolishdi. Qiz koʻprik panjarasiga bagʻrini berib, suv oqib ketayotgan tomonga qarab turardi. Suv shaloplab sohilga uriladi, orqaga qaytmoqchi boʻladi, ammo oqim kuchi uni quyiga, tunning sirru sehriga toʻlgan qoʻyniga olib ketadi.

— Sovqotdim, — dedi qiz titragan tovush bilan.

— Uyingga keta qol boʻlmasa, — dedi yigit unga, rahmi kelib.

Qiz keskin burilib yigitga qaradi. Qaradi-yu, uning koʻziga tikilib indamay qoldi. U

vujudida, qalbida nimalar boʻlayotganini bilmasdi. Uning goh yigʻlagisi, goh kulgisi, goh butun kechani ostin-ustin qilib qoʻshiq aytgisi kelardi.

— Ketaman, xayr, — dedi yigit unga qoʻlini uzatib, uning ham qoʻli titrardi. Yigit bir necha qadam nari ketdi. Toʻxtadi. Orqasiga oʻgirildi, nimadir demoqchi boʻldi. Deyolmadi. U ham sharaqlab oqayotgan anhorga karadi. Shamol esdi. Terak barglari shitirladi. Allaqayda buzoq uyqusirab maʼradi. Kimdir, juda olisda qoʻshiq aytdi. Yana tindi. Yigit qaytib keldi-da, qizning bilagidan ushlab qattiq siqdi. Uning sochlarini qoʻllariga oʻrab entikdi. Keyin tez burilib, uzun soyasini orqasiga ergashtirib kecha qoʻyniga kirib yoʻq boʻldi. Qiz u bilan xayrlashganini, bilagini ushlaganini, sochlarini qoʻllariga oʻraganini sezmadi. Faqat olisdan tosh yoʻlda koʻndalang tushib, bir koʻrinib yoʻq boʻlgan soyasinigina eslab qoldi, xolos. Qiz ham oʻz soyasini oldinga tashlab, tosh yotqizilgan koʻchada asta-sekin yurib ketdi.

Bu qiz xuddi shu bugun oʻninchini bitirib, balogʻat guvohnomasini oldi. Maktab hovlisida hali ham chiroqlar yonib turibdi. Xayrlashuv ziyofatiga kelgan hamsinflar hali tarqalishgancha yoʻq. Hovlini toʻldirib tansa tushishyapti, qoʻshiq aytishyapti. Tong otishi bilan ular har tomonga tarqab ketishadi. Ulardan faqat birga oldirilgan suratgina yodgor qoladi, xolos! Shundaymikin ? Doʻstlik-chi, oʻn yillik xotiralar-chi, birga kechirgan achchiq-chuchuq kunlar-chi, har kuni bir necha bor darsga chaqirgan qoʻngʻiroq tovushi-chi, ota-onadek mehribon oʻqituvchilar-chi… Hammasi eng shirin xotira boʻlib yodda qoladi.

Mana shu aziz nurga, ohangga toʻlgan begʻubor xotiralar orasidan boʻy choʻzib, qad koʻtarib, hammadan oldinda, hammadan baland boʻlib Omonning qiyofasi koʻrinadi. Nega? Bu savolga qiz javob topolmasdi. Javob ham izlab koʻrmasdi. Shu oydin kechada hamma narsa uning xotiridan koʻtarildi-yu, birgina Omonning yuzi, koʻzi, gavdasi, butun borligʻi bilan paydo boʻldi. U tosh yoʻldan bitta-bitta bosib shu yigit haqida oʻylab borardi. Omon sinfdoshlar ichida eng shoʻx, eng urishqoq bola edi. U qizlar bilan chiqisholmas, ularga kun bermas edi. Yoniga biron kiz oʻtirib qolsa zarda bilan boshqa partaga oʻtib ketardi. Pardoz qilgan qizlarni juda yomon koʻrardi. Bir kun Sanobar degan kiz yuziga upa surib kelganda uning qoʻlini qayirib, dastroʻmoli bilan yuzidagi upani artib tashlagan edi. Qizlar ham uni xushlamas, ming xil laqab qoʻyib chakirishardi. Imtihonning dastlabki kunlari edi. Omon sinfda hech kim yoʻqligini bilib eshikni zichlab berkitdi-da, gʻayri tabiiy bir tovush bilan dedi:

— Aziza, oʻninchini bitirganimizdan keyin menga tegasanmi?

Shunda Aziza jahl ustida uning yuziga bir shapaloq urdi-da, yigʻlab chiqib ketdi. Bu sirni ularning ikkovidan boʻlak hech kim bilmay qoldi. Omon shundan keyin qizga roʻbaroʻ kelishdan qoʻrqib, oʻzini chetga olib yurdi. Kunlar oʻtishi bilan Aziza oʻsha voqeani tez-tez eslaydigan va har vaqt eslaganda yuragining allaqayeri jiz etib ketadigan boʻlib qoldi. Har gal maktab hovlisiga kirishi bilan kimnidir, nimanidir jonsarak boʻlib kidirardi. Uning shoʻx, quvnoq kulgilari kamroq eshitiladigan boʻlib qoldi. Hamisha chaqnab turadigan koʻzlarida bilib boʻlmaydigan ichki bir dardining ifodasi sezilib turardi.

Omon ham uni zimdan kuzatar, koʻzi-koʻziga tushganda birdan tund boʻlib qolardi. Imtihonlar tugab birov ishga, birov oʻqishga ketadigan boʻldi. Aziza qoʻyib bersa, ixtiyorini Omonning koʻliga topshirishga tayyor edi. Bugungi hayrlashuv kecha-sida Omon Mirzachoʻlga, MTSga ketishini aytdi. Hamma uning bu qarorini chapak chalib qarshi olganda Aziza bir seskanib ketgan edi. Tansa boshlandi. Aziza Omonni chetga chaqirib, undan uyiga kuzatib qoʻyishni soʻradi. Omon unga javob berish oʻrniga:

— Bay-bay-bay. Muncha atirga belanmasang. Rosa gupillab ketyapti-ku, — dedi.

Azizaning “O tentak, hammasi sen uchun” deb yuborishiga oz qoldi. “Kel, kuzatib koʻya qol” deb yolvordi unga. Shovqin toʻla maktab hovlisini ortda qoddirib, ular ikkovlashib bogʻ koʻcha tomonga yoʻl olishdi. Oy nuri bogʻu-rogʻlarga oppoq nur sochib turgan shu sokin saraton tunida ularning ikkovi jimgina kelisharkan na unisidan, na bunisidan sado chiqardi. Bu jimlikni Omon buzdi.

— Oʻsha beʼmani gapimni esingdan chiqaz, Aziza. — U shunday dedi-yu bu kamgap, lekin nihoyatda ajib bir hisu hayajonga toʻlgan qiz oldida oʻzini koʻrsatish uchun azim teraknimi, anhor boʻyidagi shoxlari tarvaqaylab ketgan tolnimi ildizi bilan koʻtarib osmonga otgisi keldi.

Qiz ham uning bu holatini sezib turardi.

— Qanaqa bemaʼni gap, esimda yoʻq, — dedi qiz oʻsha “bemaʼni” gapni yana eshitgisi kelib.

Omon til chaynadi.

— Ha, sinfda ikkovimiz yolgʻiz qolganda bir gap aytgan edim-ku.

— Ha, — dedi Aziza choʻzib. — Oʻsha gapni bordi-yu esimdan chiqazmasam-chi?

Omon yurishdan toʻxtadi.

— Unaqa boʻlsa, bu yuzimga ham yana ur, shunday qilsang yaxshi boʻladi, seni kuzatmay qaytib keta qolaman.

Aziza nima deyishini bilmay gangib qoldi:

— U vaqtda yosh bola edik.

— Nega yosh bola boʻlarkanmiz. Oʻn besh kun boʻldi, xolos. Darrov katta boʻlib qolibmiz-da.

— Omon shu gapni aytdi-yu, sharaqlab kulib yubordi. Tol butogʻida mudragan musicha choʻchib ketdi.

— Boʻlmasam-chi, mana, — dedi Aziza, shu bugun bundan yarim soatcha oldin qoʻliga tekkan yetuklik attestatini baland koʻtardi, balogʻat guvohnomasining zar yozuvlari oy nurida yaltirab ketdi.

— Mana, katta odam boʻlib qolganimizning guvohi. Endi meni yolgʻiz tashlab uyingga

ketib qolmaysanmi?

— Yoʻq, — dedi Omon uning bilagidan ushlab. Azizaning badani dirillab ketdi. Darrov qoʻlini tortib oldi.

— Oʻshanda yuzimga yomon urgansan-a.

— Aytdim-ku, u paytda yosh bola edik. Endi katta odamsiz.

— Endi oʻsha gapni aytsam urmaysanmi?

— Gap bilan uraman, — dedi Aziza, — Yoʻq, urmayman, nahotki seni ursam. Seni uradiganning qoʻli sinsin. Omon mast odamga oʻxshab kalovlab qoldi. Ketma-ket uch marta qoqildi. Tolning kallagiga boshini urib olib, doʻppisini tushirib yubordi. Osmonga qarab barkashdek oy balandlab ketganini endi bildi. Xoʻrsindi, gapi gapiga qovushmay, qayoqdagi keraksiz gaplarni aljiy boshladi. Uning bu holatini qiz kezib turardi… Hozir u tosh yoʻldan bitta-bitta bosib yolgʻiz kelarkan, Omon haqida, oʻzi haqida, yuragini oʻrtayotgan allanimalar haqida oʻylab borardi. Ona uni kuta-kuta chiroqni oʻchirmay, supa oʻrtasida allaqachon uxlab qolgandi. Qiz gulzor chetidagi oʻsha supaga oʻtirdi. Engashib rayhonning bir shoxini sindirdi-da, dimogʻiga olib keldi.

Rayhon isi uni chinakamiga mast qilgan edi. Uning negadir oʻkirib-oʻkirib yigʻlagisi kelardi. Gullar orasiga kirib, chalqancha yotib, qimirlamay oyga qarab to u botib ketguncha qarab yotgisi, shu gullarning hammasini birma-bir yuziga surtgisi, oyning oq ipak tolasidek koʻrinmas nurlariga chirmashib, huv oʻsha yulduz toʻla osmonga chiqqisi, butun olamga yetgudek ovoz bilan qoʻshiq aytgisi kelardi. Ona supa oʻrtasida shirin uyquda yotardi. E gʻofil ona, koʻzingni och, qizingning yuragiga quloq sol. Uning qalbiga muhabbat keldi.
1959 yil.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Said Ahmaddan tuhfa: “Muhabbatning tugʻilishi”