«...Qo‘shnimiz o‘g‘il o‘ylantirayotganini aytib, mahalla faollarini maslahatga chaqirdi. Uch-to‘rt nafar yoshi ulug‘ otaxonlar bilan uyiga bordik. Xonadon egasi hech qayerda ishlamaydi, ayoli esa uy bekasi. Qo‘shnimizning oilaviy ahvolidan yaxshi xabardor bo‘lganimiz sababli unga ortiqcha sarf-harakat qilmay, kamchiqim to‘y qilishni aytdik. U ham fikrimizni qo‘llab-quvvatlab, taklifimizga rozi bo‘ldi. Ammo bo‘lajak kuyov bunga rozi bo‘lmadi. Ota-onasining dabdabali to‘y qilishga imkoniyati yetadimi yo‘qmi, o‘ylab ham o‘tirmadi.
Ko‘p bor o‘qtirishga harakat qilmaylik fikrida qat’iy turib oldi. Qarindosh-urug‘, tanish-bilishlar omon bo‘lsin, qarz so‘raganda yo‘q deyishmadi. To‘y katta tantana bilan to‘kin o‘tdi. Biroq hali hayotni to‘la anglab yetmagan, qo‘lida tayinli bir hunari bo‘lmagan yosh yigit oila mas’uliyati, turmush tashvishlari oldida ojiz qoldi. Oradagi kelishmovchiliklar ikki tomonni ham bir-biriga qarshi qilib qo‘ydi. Oilalar o‘rtasidagi bunday sovuq munosabat oxir-oqibat ajrim bilan yakun topdi...»
Mahallamizdagi Toshtemir amakining bu so‘zlarini eshitib rosa taajjublandim. Hattoki uning so‘zlari to‘g‘rimikan degan hayolga bordim. Chunki men Sardorni mehnatkash, oriyatli bola sifatida bilardim. Nahotki, u yemay-ichmay katta qilgan o‘z ota-onasiga qarshi chiqqan bo‘lsa! To‘y meniki xohlagan joyda qilaman, xohlagan san’atkorni chaqiraman deyish kerakmi? Axir hammamiz to‘yga borayotganda ikki yoshga baxt tilash, to‘y bahona qavm-qarindoshlar, yaqin do‘stlar bilan diydorlashish uchun boramiz-ku!
Har ishda me’yor yaxshi
Nima bo‘lganda ham hamma narsaning me’yori bo‘lishi kerak. Oshiqchasi – oshiqcha. Biroq bugun to‘ylarga tashrif buyurganimizda avvalo kelin-kuyov o‘tirgan joyning hashamat bilan bezatilgani kishi e’tiborini tortadi. Xo‘sh, 3-4 soatlik marosim uchun hammaga boyligini ko‘z-ko‘z qilib, mahallada «duv-duv» gap bo‘lish shartmi?
Axir qimmatbaho taklifnoma tarqatish, son-sanoqsiz sarpolar, tillarang salla-choponlar, turli xil mashinalar, bir talay «navbatchi» va «birrov»chi san’atkorlar odamlarga qanday ma’naviy zavq berishi mumkin? Bunday to‘yning beo‘ylov qilingan xarajatlari keyinchalik oilaning ko‘pdan ko‘p tashvishlariga sabab bo‘lmaydimi? Masalan, ilgari Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida qiz uzayotgan xonadon fotiha tuyini 20-30 ga yaqin sovchi bilan o‘tkazar edi. Hozir esa bu urfdan chiqdi. Biroq qiz bergan xonadon egasi bu harajatdan qutilib qolmadi, aksincha ushbu marosim juda katta tantanaga aylanib ketdi.
Qizning ota-onasi zimmasiga to‘yxonada osh berish, quda-andalarga qimmatbaho sarpolar ulashish, taniqli san’atkorlarni chaqirib ziyofat uyushtirish to‘liq yuklandi. Bu ham yetmaganidek, ayrim kuyovto‘ralarimiz qizga «ota-onang mebellarni chet elnikidan olsin, pardalar ham eng zamonaviysidan bo‘lsin» deya turli shartlar qo‘yamoqda. Ayting, qizini umr bo‘yi oq yuvib, oq tarab, ko‘zqorachig‘idek asrab-avaylab o‘stirgan ota-onalar nima uchun kuyovto‘ralarning shartlarini bajarishi kerak? Bu munosabat qaysi axloq kodeksiga to‘g‘ri yoki qonunchiligimizga to‘g‘ri keladi?
Milliy qadriyatlarimizni oyoq osti qilmaylik!
Istiqlol milliy an’ana va qadriyatlarni, xususan, xalqona to‘y-marosimlarimizni ham qaytardi, yangicha ruh, joziba bilan boyitdi. Kim xohlasa hovlisida, bo‘lmasa shoxona restoranda to‘y qiladi. Aslida ham qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni, do‘stlar davrasida ixchamgina to‘y qilish, xursandchiligini yaqinlari bilan bo‘lishning yomon tomoni yo‘q. Biroq, bu borada ham ayrim salbiy jihatlar ko‘zga tashlanayotgani kishini o‘ylantiradi, mushohadaga chorlaydi.
Nega desangiz, bugungi to‘ylarimiz anavi zahri qotildan 10-15 yashik bo‘lmasa qizimaydi. Ichilgan ichimliklar soni va sifati, dasturxon bezaklariga qarab, to‘y egasining obro‘si belgilanadi. Taklif etilgan mehmonlar ham spirtli ichimliklar qo‘yilsa minnatdor bo‘lib ketishadi. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lmasa, uzoq vaqtlargacha odamlar gapirib yurishadi. Bu isrofgarchilik odat tusiga kirib qolayotgani achinarli holat, albatta. To‘g‘ri, yoshi ulug‘larimiz to‘ybozlik, mantiqsiz dabdaba, namoyishkorona kibr, «bel»ning baquvvatligini ko‘z-ko‘z qiluvchi manmanlik, spirtli ichimliklarni kamaytirish, o‘ylab topilgan «udum»larni qisqartirish haqida ko‘p gapiryapti, tushuntiryapti.
Lekin natijadan darak yo‘q. Chunki o‘sha to‘yni ixchamlashtirish tarafdorlariga ham «obro‘» kerak. Nega bir kunlik obro‘ deb boy milliy qadryatlarimizu urf odatlarimizni oyoq osti qilayotganlarga, yosh oilalar ajralib ketayotganiga, chaqaloqlar nosog‘lom tug‘ilayotganiga hamma befarq. Axir ikki yoshning «Baxt to‘yi» munosabati bilan tashkil etilgan dasturxonga spirtli ichimlik qo‘yish nafaqat milliy qadriyatimizga yot, balki ortiqcha isrofgarchilikning bir ko‘rinishi-ku!
Muammoga kim aybdor?
Bugun qarz-qavola qilib bo‘lsa-da, to‘yni katta qilishga, oshni katta damlab elning o‘g‘zida «duv-duv» gap bo‘lib ketayotganiga aslida o‘zimiz aybdormiz. Chunki pul topib aql topmagan ayrim kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli yangi odatlarni o‘ylab topmoqda. Eng yomoni, bir kunlik to‘yni ayrim odamlar ellikka kirmasdan to‘satdan insult, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi.
Yana bir gap. Bugun to‘y-marosimlar haqida gap ketganda ko‘pchilik: «Falonchaning to‘yi ja zo‘r bo‘ldi-da, dasturxonini aytmaysizmi, yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Men ham o‘g‘limning to‘yini shunday qilib to‘kin o‘tkazaman», deydi. Bu gapga hech kim e’tiroz bildirmaydi. Chuntagingga qarab to‘y boshla, keraksiz «udum»larni qisqartir, bir kunlik «obro‘» deb, qarzga botma, deya tanbeh bermaydi. Qaytamga «dasturxonni to‘kin qiling, qimmatbaho nozu-ne’matlardan qo‘ying, deydi.
Undan muhim vazifalar, ya’ni «qizingizga, o‘g‘lingizga yaxshi tarbiya bering, kelin va kuyovga qilinadigan sarpolarga «Kelinchak odobi» va «Kuyovning oiladagi o‘rni» to‘g‘risida adabiyotlar qo‘shing», deyishmaydi. Yoshi ulug‘larimizga quloq solsangiz, avvallari to‘ylarimizortiqcha dabdabasiz milliy qadriyatlarimizga hos tarzda o‘tganligini,mehmonlar ham ko‘p bo‘lmagani, kelinlar bir tuguni bilan uyga kelganini ta’kidlaydilar. Nega bugun yoshlarimiz ham ulardan ibrat olmayapti, ma’naviyatsizlikka intilyapti?
Hujjat bor, buyog‘iga nazorat kerak
Hayotda kimningdir qo‘li kaltaroq, boshqasining dasti uzunroq bo‘lishi tabiiy. Har kim imkoniyatidan kelib chiqib to‘y qiladi. Ammo yemay-ichmay, bolasiga kitob olib berishdan qizg‘anib, bog‘cha pulini orqaga surib, kim uzarga dabdabali to‘y qilishning kimga keragi bor?!
«Haqiqatdan, bugun to‘ylar va boshqa marosimlarda me’yoridan ortiq dabdaba, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi holatlar davom etayotgani eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki to‘y, oilaviy tantana va boshqa marosimlarni o‘tkazishda isrofgarchilik, shuhratparastlik va dabdababozlik shunchalar avj olyaptiki, bunday illatlarga qat’iy barham berish bugungi kunning hayotiy zaruratiga aylanib bormoqda.
Shu sababli mamlakatimizda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibga solish maqsadida «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom ishlab chiqildi. Nizomga ko‘ra, endilikda oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.
Shuningdek, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki «har ishda me’yor yaxshi», deydi donolar. Zero, me’yor tartibga boshlaydi, tartibning hosilasi esa hech qachon yomon bo‘lmagan», – deydi Uchtepa tumanidagi «Vatanparvar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Haydarova.
Bugun nafaqat qiz chiqarayotgan, balki kelin qidirayotgan xonadon ham to‘ylarni ixcham, kamxarjqilib o‘tkazish, eldan chiqmagan holda to‘y boshlash haqida jiddiroq o‘ylaydigan payt keldi. Agar biz chindan isrofgarchilikka qarshi bo‘lsak, xalqimizning qadimiy va eng mo‘’tabar udumi bo‘lgan to‘y marosimlarini musobaqaga aylanib ketishini oldini olgan bo‘lamiz. Boshqa hech qanday yo‘l yo‘q.
Salohiddin Isomiddinov
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”