“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan:
- qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti taqiqlanadi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi (amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq bo‘lgan holatlar bundan mustasno);
- foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mga oshiriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab:
- iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi;
- soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati 5 yildan 3 yilga tushiriladi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda quyidagilar taqiqlandi (QQS summasi o‘rnini qoplash (qaytarish)da o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari bundan mustasno):
- soliq to‘lovchining hududiga kirish;
- soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish;
- soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
- soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.
2024 yil 1 yanvardan e’tiboran quyidagicha tartib o‘rnatiladi:
- aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi;
- to‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘lar, birinchi navbatda, mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Qaror bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibi yangilandi. Kengash yig‘ilishlari oyiga kamida bir marta o‘tkazib borilishi belgilandi. Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin ushbu kengash muhokamasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan 2024 yilgi uchrashuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etiladi. Viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Qoraqalpog‘istonda istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshiradi. Bu loyihalar ro‘yxati 2 oy ichida tayyor bo‘lishi kerak. Shuningdek, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratishni nazarda tutuvchi “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi amalga oshiriladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring