Fotih Jalolov Muqimiy teatriga direktor etib tayinlandi

Bugun Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri jamoasiga yangi direktor — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Fotih Jalolov tanishtirildi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Fotih Jalolov Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori lavozimiga tayinlangan.
Fotih Jalolov aktyor sifatida “Sardor”, “Dilxiroj”, “Oq bino oqshomlari”, “Bomba”, “Marg‘iyona”, “Qabrdan qaytgan umr”, “Ayollar saltanati”, “Osmondagi bolalar 2”, “Baxt uchun million” kabi filmlarda rol ijro etgan.
Shuningdek, u “Katta oyi”, “Xotira rashki” va “Muqimiy” filmlariga rejissyorlik qilgan.

Fotih Jalolov mazkur tayinlovga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Fotih Jalolov 1963 yilda tug‘ilgan. 1984 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr-rassomlik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1986 yilda mazkur institutning “Qo‘g‘irchoq aktyori mahorati” kafedrasida o‘qituvchi sifatida boshlagan.
U turli yillarda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekkino” tizimi hamda “O‘zbekfilm” aksiyadorlik jamiyatida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan.































Izohlar 0
…