Nega 2025 yilda O‘zbekistonga eng ko‘p afg‘onistonliklar keldi?

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni keskin oshdi. Yil davomida jami 446,8 ming nafar chet el fuqarosi savdo-sotiq va biznes ishlari bilan mamlakatga tashrif buyurgani qayd etildi.
Keltirilgan raqamlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 247,8 ming nafarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Ya’ni tijorat maqsadidagi tashriflar hajmi 2,2 baravar oshgan. Bu jarayon mintaqaviy savdo aloqalari faollashgani va chegaradosh davlatlar bilan iqtisodiy qatnov kuchayganini anglatishi mumkin.
2025 yilda tijorat maqsadida O‘zbekistonga kelganlar orasida eng katta ulush Afg‘onistonga to‘g‘ri keladi — 415 577 nafar. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston (17 962), Turkmaniston (9 048), Rossiya (728), Qozog‘iston (589) va Turkiya (587) qayd etilgan, boshqa davlatlar hissasi esa 2 355 nafarni tashkil qilgan. Avvalroq, 2025 yilning yanvar–dekabr oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1 050,3 trln so‘mga yetgani ham xabar qilingandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!