Societe Generale Canton tarmog‘ida tokenlashtirilgan aktivlar uchun stablecoinlarni ishga tushirdi

Fransiyaning Societe Generale banki o‘zining raqamli aktivlar bo‘yicha sho‘ba korxonasi Societe Generale-FORGE orqali EUR va USD CoinVertible stablecoinlarini Canton Network tarmog‘iga joylashtirishini ma’lum qildi. Ushbu qadam bankka tokenlashtirilgan aktivlar bilan bog‘liq garov ta’minoti va qisqa muddatli moliyalashtirish operatsiyalarini samaraliroq boshqarish imkonini beradi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
SG-FORGE o‘zining EURCV va USDCV stablecoinlaridan ruxsat etilgan yurisdiksiyalarda hisob-kitoblar, moliyalashtirish va naqd pul mablag‘larini boshqarish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda. Bank shuningdek, Canton tarmog‘ida strategik hamkor va validator sifatida ishtirok etadi. Ta’kidlash joizki, ushbu stablecoinlar AQSh qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tmagan va faqat AQShdan tashqaridagi ruxsat etilgan ishtirokchilar uchun mo‘ljallangan.
DeFiLlama ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda EURCV stablecoinining bozor kapitallashuvi qariyb 97 million dollarni, USDCV esa 20 million dollarni tashkil etadi. Bank o‘tgan yili ushbu tarmoqda tokenlashtirilgan yashil obligatsiyalarni chiqargan edi. Yaqinda esa USDCV stablecoini Consensys bilan hamkorlik doirasida MetaMask hamyoniga integratsiya qilindi.
Moliya institutlarining blokcheyn texnologiyalariga qiziqishi ortib bormoqda. Xususan, JPMorgan Ethereum tarmog‘ida tokenlashtirilgan pul bozori fondini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, DTCC esa Chainlink infratuzilmasini o‘z platformasiga integratsiya qilmoqda. RWA.xyz ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab blokcheyn tarmoqlarida tokenlashtirilgan real aktivlar hajmi 31,6 milliard dollardan oshgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!