11:30 / 09.12.2019
4 078

Soliq to‘lovchilarga bir qator imtiyozlar berilmoqda

Soliq to‘lovchilarga bir qator imtiyozlar berilmoqda
Parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilgan bir qator qonun loyihalari deputatlar tomonidan muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari ikkinchi o‘qishga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga e’tibor qaratdilar.

Soliq kodeksining yangi tahriri soliqlar sonini kamaytirishdan tashqari, soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga, soliqlarni hisoblash, to‘lash mexanizmini takomillashtirish, soliqlarning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solishga qaratilgan. Soliq to‘lovchilarga soliq rejimini tanlash, ularni to‘lash tartibi kabi imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar soliq to‘lovchining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, natijada tadbirkorlik faoliyatining erkinligini ta’minlashga yordam beradi. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshiradi hamda Davlat byudjetining daromad qismining oshishiga ijobiy iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu iqtisodiyot va xo‘jalik sub’ektlari uchun soliq yukini yanada kamaytirish, soliq stavkalarining uzoq muddat o‘zgarmasligini kafolatlash hamda soliq to‘lovchilarni bu boradagi o‘zgarishlar yuzasidan oldindan xabardor qilish, shuningdek, tadbirkorlardan soliq majburiyatini to‘liq bajarishni talab qilish bilan birga, ularning manfaatlarini himoyalash hamda «Soliq – 2025» strategiyasini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi.

Fraksiya a’zolarining fikricha, korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni soliq imtiyozlari orqali rag‘batlantirish lozim.

Deputatlar qonun tashabbuskorlari hamda mas’ul qo‘mita — Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zolaridan loyihada nazarda tutilayotgan bir qator normalar va noaniqliklar yuzasidan tushuntirish berishni talab qildilar. Muhokamalar natijasida berilgan savollar yuzasidan aniq javoblar olindi hamda yig‘ilish yakunida «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Soliq to‘lovchilarga bir qator imtiyozlar berilmoqda