21:50 / 07.01.2025
207

Dollar toʻla hamyonni onaxonga qaytargan serjant: “Egasini tuni bilan qidirdim”

Dollar toʻla hamyonni onaxonga qaytargan serjant: “Egasini tuni bilan qidirdim”
Erdan hamyon topib oldingiz, ichi toʻla dollar. Yaqin atrofdan uning egasini topish imkonsiz. Xoʻsh, bunday vaziyatda qanday yoʻl tutgan boʻlardingiz? Toshkentda xizmat vazifasini olib borayotgan Patrul-post xizmati xodimi, katta serjant Shavkat Nazarov xuddi shunday holatga duch keldi. Voqealar rivoji qanday tus olganini esa uning oʻzi gapirib berdi.

Hodisa 3 yanvar kuni sodir boʻlgan. Shavkat Nazarov poytaxtadagi savdo majmualaridan birida kundalik xizmat vazifasini olib borayotgan boʻlgan. Uning koʻzi erda yotgan eskiroq hamyonga tushgan.

“Hamyonni qoʻlimga oldim, ichini qarasam — nafaqa guvohnomasi, dollarlar va oʻzbek soʻmi ham bor ekan. Lekin pulni sanamadim, chunki xayolimda faqat pulni egasiga qaytarish edi”, — deya hikoyani boshladi katta serjant Nazarov.

Xodim kechgacha — xizmat vazifasi tugaydigan soat 22:00 gacha kimdir kelib, hamyonni olib ketishini kutgan. Biroq hech kim kelmagan. Navbatchiligi yakunlangandan keyin esa hamyon egasini qidirishga tushgan.

“Dastlab hujjatda yozilgan telefon raqamga qoʻngʻiroq qildim, biroq hech koʻtarmadi. Keyin nafaqa guvohnomasida yozilgan manzilga bordim. Biroq buni qarangki, men qidirayotgan shaxs koʻchib ketgan ekan”, — deydi u.

Orada u yana oʻsha hujjatda koʻrsatilgan raqamga qoʻngʻiroq qilgan va bu safar hamyonning egasi goʻshakni olgan. “Dastlab onaxon ishonmadi keyin esa uy manzilini soʻrab oʻzlariga olib borib berdim. Ijtimoiy tarmoqlardagi tarqalgan videoni oʻzim uchun har ehtimolga qarshi olgandim, onaxon menga xursandligidan suyunchi puli bermoqchi edi, lekin olmadim”, — deydi Shavkat Nazarov.

4 yanvar kuni esa onaxon katta serjantni qidirib ishxonasiga borgan va uni oilasi bilan birga kechki ovqatga taklif qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat