18:17 / 06.03.2025
171

Po‘lat Bobojonov ketdi. Yangi vazirdan nimalar kutilmoqda?

Po‘lat Bobojonov ketdi. Yangi vazirdan nimalar kutilmoqda?
7,5 yillik faoliyatidan so‘ng general-leytenant Po‘lat Bobojonov IIV rahbarligidan ketdi. Uning o‘rniga general-mayor Aziz Toshpo‘latov O‘zbekistonning yangi ichki ishlar vaziri bo‘ldi. Jamoatchilik bilan ochiq muloqot o‘tkazmagan Po‘lat Bobojonov faoliyatida tizimga noroziliklar juda ko‘p edi. Yangi vazirdan nimalar kutilmoqda?

3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etildi. 64 yoshli general-leytenant 7,5 yildan buyon ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U vazir lavozimiga 2017 yil 4 sentyabrda tayinlangan edi. 2019 yil 12 sentyabrda general-leytenant maxsus unvonini olgan. Po‘lat Bobojonovning iste’fosi sababi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Kun.uz manbalariga ko‘ra, Bobojonovning ishdan olinishi 2024 yil noyabr oyi oxirida kuch tuzilmalarida ro‘y bergan tozalashlar bilan bog‘liq.

Shu kunning o‘zida Po‘lat Bobojonovning yangi lavozimi ma’lum bo‘ldi. U O‘zbekiston prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bobojonovning o‘rniga, ichki ishlar vaziri lavozimiga general mayor Aziz Toshpo‘latov tayinlandi. Nomzodni deputatlar ma’qullagach tayinlov to‘g‘risida prezident farmoni imzolangan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga esa polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev tayinlandi. U bunga qadar Xorazm viloyati IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Po‘lat Bobojonov faoliyati

Balki nisbatan ochiqlik tufaylidir Bobojonov kelganidan keyin ichki ishlar vazirligiga, uning quyi tashkilotlariga tanqidlar tinmadi. Bu asosan inson huquqlari bilan bog‘liq edi: har yili bir necha marotaba ichki ishlar binolariga olib borilgan fuqarolarning o‘limi kuzatiladi. «15 sutkalik qamoq»lar – hamon dolzarb masala. Jamoatchilik bu borada katta e’tirozlar bildirganiga qaramay, Po‘lat Bobojonov ichki ishlar binolarida fuqarolarning o‘lib ketishiga munosabat bildirmagan. Bundan tashqari, sobiq vazir biror marotaba OAV vakillari bilan ochiq matbuot anjumani o‘tkazib, savollarga javob bermagan.

2022 yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari masalasida Po‘lat Bobojonovga talab ham qo‘ygan edi.

«Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda», degan edi prezident bosh prokuror va ichki ishlar vaziriga yuzlanib. Prezident ulardan qonun va inson huquqlari oliy qadriyat ekanini o‘z tizimidagi har bitta xodimga yetkazishni talab qilgan. Ammo hozirga qadar IIB binolaridagi noxush holatlarga barham berishning uddasidan chiqilmadi.

Bir necha hafta oldin Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarda 2 nafar mahkum vafot etgan bo‘lsa, 24 fevral kuni Uzun tuman IIBga so‘roq uchun olib borilgan 50 yoshli fermerning ham o‘ligi chiqdi. Bu holatlar yuzasidan ham o‘sha vaqtdagi amaldagi vazir Po‘lat Bobojonov ham, uning matbuot xizmati ham sukut saqlamoqda.

Qator faollar IIV tizimida vazirning almashishi tizimda tub o‘zgarishlarga olib kelishiga ishonmayapti. Masalan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev bu o‘zgarishni «23–24 noyabrdagi tozalash tadbirining chala qolgan qismi» bo‘lsa kerak, deb hisoblagan.

«Po‘lat Bobojonovning ichki ishlar vaziri lavozimidan olinib, o‘rniga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining tayinlanishi baribir tizimning yaxshi tomonga o‘zgarishiga xizmat qilmaydi, menimcha. Shunchaki, qo‘li ostidagi qanchadir xodimi kuni kecha qamalib ketgan odamning vazir lavozimida o‘tiraverishi maqsadga muvofiq ko‘rinmay qolgan bo‘lsa kerak.

Eski vazirga e’tirozlar keragidan ortiq edi (masalan, hibsxonalardagi har bir o‘limning o‘zi qayta va qayta iste’foga arzirdi). Shuning uchun bugungi iste’fo yig‘ilib qolgan e’tirozlarning sabr tog‘orasidan toshib chiqqani oqibati emas (zotan, allaqachon toshqin boshlanib bo‘lgandi), balki 23–24 noyabrdagi tozalash tadbirining chala qolgan qismi bo‘lsa kerak. Shunday ekan, ichki ishlar organlarining og‘ir karvoni o‘z yo‘lida, hech bir o‘zgarishsiz tub tomon harakat qilishda davom etaveradi, deb taxmin qilish mumkin», – deydi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning fikricha, Bobojonov tizimdagi kamchiliklar uchun ishdan olinganida allaqachon ketishi kerak edi. Shu sababli u ham «ketishni» tozalash tadbirlariga bog‘lagan. Inson huquqlari himoyachilari Aziz Toshpo‘latovdan uncha katta natijalar kutmayapti, deydi huquq faoli. Chunki tizimdagi odam eski yutuqlarga ham, kamchiliklarga ham sherik, albatta, hammasini vaqt ko‘rsatadi, deydi u.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov esa fuqaroviy rahbarlar kelsa, tizim tub islohotlar boshlanishi mumkinligini yozgan. U sohadagi qo‘pol xatolar uchun siyosiy javobgarlik tushunchasi borligiga, ishonishini aytgan.

«Menimcha, bizdayam siyosiy javobgarlik tushunchasi va amaliyoti bor. Faqat bu odatda kechiktirib yoki afisha qilinmay amalga oshiriladi.

Fuqaroviy sektorlar o‘z yo‘liga. Lekin masalan, turli qotillik jinoyatlari, qamoqxonada va izolatordagi o‘limlar ko‘payishi jamiyatda savollar tug‘dirishiga qarab, bu savollarga siyosiy javob ham berilishi an’anasi yo‘qolmagan, deb o‘ylayman.

Nima bo‘lgandayam, huquqiy va insoniy davlat qurmoqchi bo‘lsak, Politsiya isloh qilinishi kerak. Balki tizimga fuqaroviy rahbarlar kelsa, tub islohotlar boshlanar. Idealda politsiya va mudofaa ustida fuqaroviy menejment bo‘lishi kerak», — deb yozadi Bakirov.

Aziz Toshpo‘latov bilan ishlagan Kun.uz manbalariga ko‘ra, general oddiy va jaydari odam. «Kim yaxshi ishlasa, o‘sha bilan yaqin bo‘ladi, eng yaxshi tomoni guruhbozlik qilmaydi. Nisbatan ochiq odam va o‘rinli tanqidlarni ko‘taradi, tanqid qilinayotgan xizmatni to‘g‘rilashga harakat qiladi», deydi Toshpo‘latov bilan ishlagan xodimlardan biri.

Albatta, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Jamoatchilik yangi vazirdan ochiqlik, tizimda tub islohotlar, shu bilan birga xodimlar tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga daxl qilmaslik uchun shaxsiy javobgarlikni kutib qoladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat