
O‘zbek estradasida yorqin ovozga ega bo‘lgan, nafaqat O‘zbekiston, balki xorijda ham o‘z ijodi bilan muxlislarning mehrini qozongan xonanda Sevara Nazarxonning kelib chiqishi haqida qiziqarli ma’lumot paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, u Qo‘qon xonligi tarixida muhim iz qoldirgan Xudoyorxonning sakkizinchi avlodi hisoblanar ekan.
Sevara Nazarxon bu haqda "PopCast" podkastida bergan intervyusida birinchi marta ochiq ma’lum qildi. Suhbat davomida «Siz oxirgi xonning sakkizinchi avlodi ekansizmi?» degan savolga Sevara tabassum bilan: «Ha-ha, bu haqiqat!» deb tasdiqladi.
Tarixiy manbalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Xudoyorxon Qo‘qon xonligi taxtiga 1845 yilda 16 yoshida o‘tirgan. Uning hukmronligida Qo‘qon xonligi turli siyosiy to‘fonlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, tarixda uning nomi Qo‘qonning mashhur "Xudoyorxon o‘rdasi" orqali ham tanilgan.
Xudoyorxon Qo‘qon xonligida eng ko‘p muddat hukmronlik qilgan shaxs bo‘lib, u taxtga bir necha marta qaytib kelgan va xonlikning og‘ir kunlarida uning siyosiy hayoti ham ko‘plab dramatik voqealarga to‘la bo‘lgan.
Sevara Nazarxonning Xudoyorxonga bog‘liqligi, uning o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixiga yanada ko‘proq e’tibor qaratishiga sabab bo‘lganini aytish mumkin. Xonandaning muxlislari uchun bu ma’lumot qiziqarli va bir vaqtning o‘zida g‘urur uyg‘otuvchi yangilik bo‘ldi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, an’anaviy o‘zbek musiqasini zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirgan xonanda Sevara Nazarxonning tarixiy shaxsga bog‘liq ekanligi uning shaxsiyati va ijodini yanada boyitishga xizmat qilsa ajab emas.
Bu ma’lumot muxlislar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi va Sevara Nazarxonning muxlislari uning ijodini yanada katta qiziqish va mehr bilan kuzatishda davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar