Xudoyorxon o‘rdasida tadbir o‘tkazgan direktor jazolandi

Qo‘qon shahridagi tarixiy Xudoyorxon o‘rdasi hududida tegishli kelishuvlarsiz ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgan. Holat ortidan “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktoriga intizomiy jazo qo‘llanildi.
Madaniy meros agentligi ma’lum qilishicha, 3 oktyabr kuni Xudoyorxon o‘rdasi hududida “A.klub” nomi ostida ayollar ishtirokida “Chopon pati” tadbiri tashkil etilgan. Biroq mazkur tadbir agentlik bilan belgilangan tartibda kelishilmagan.
Amaldagi talablarga ko‘ra, davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarida o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy, ommaviy hamda boshqa tadbirlar oldindan Madaniy meros agentligi bilan muvofiqlashtirilishi lozim.
Xudoyorxon o‘rdasi madaniy meros obyekti hisoblangani bois, uning hududida har qanday tadbirni tashkil etishda tarixiy qiyofani saqlash, obyektni muhofaza qilish va undan foydalanish qoidalariga amal qilish talab etiladi.
Agentlik xabariga ko‘ra, muzey-qo‘riqxona direktori M. Mavlonqulov xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani uchun Mehnat kodeksining 312-moddasi asosida “hayfsan” bilan jazolangan.
Madaniy meros agentligi kelgusida tarixiy obyektlar va muzey-qo‘riqxonalar hududidagi tadbirlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirishini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…