AQSH hamda Turkiyada jinoyat sodir etgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik fuqaro mamlakatimizga deportatsiya qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi Nyu-York shahridan maxsus reys orqali, AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi xodimlari hamrohligida Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga olib kelingan.
Yana ikki nafar shaxs Istanbuldan chiqarib yuborildi. Ular yurtimizga qaytarilgandan so‘ng, Interpol Milliy markaziy byurosi hamda ichki ishlar organlari xodimlariga topshirildi. Ularga nisbatan keyingi tergov harakatlari o‘tkazilishi belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar soliqlarni to‘lamaslik, o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. Shu bois ular xalqaro qidiruvga berilgan va xorijiy hamkor tashkilotlar ko‘magida qo‘lga olingan.
Mutaxassislar fikricha, jinoyatchilarni qaytarish va ularni sud organlari ixtiyoriga topshirish qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!