Navoiy shahridagi Tinchlik Plaza mehmonxonasida ro‘y bergan noxush holat butun jamoatchilik e’tiborini tortdi. Yosh yigit — mehmonxona eshik og‘asi, mijozlar bilan bog‘liq tortishuv ortidan kaltaklandi. Holat haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, janjal 21 avgust kuni yarim tunda mehmonxona hovlisida, “PREZIDENT SOVG‘ASI” deb yozilgan avtomashina oldida sodir bo‘lgan. Aynan shu mashina Paralimpiada chempioni Elbek Sultonovga tegishli bo‘lgani ham ma’lum qilindi. Biroq sportchi janjalga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmagan, kaltaklashda uning hamrohi ishtirok etgan.
2004 yilda tug‘ilgan mehmonxona xodimi M.U.ning aytishicha, nizo 150 ming so‘mlik to‘lov masalasi atrofida kelib chiqqan. U ofitsiant so‘roviga ko‘ra, mijozdan qolgan hisobni so‘rash uchun tashqariga chiqqan. Ammo vaziyat keskinlashib, mijozning hamrohi kutilmaganda uning yuziga zarba bergan. Oqibatda yigit yerga yiqilib, og‘ir jarohat olgan.
M.U. qariyb 10 kun davomida shifoxonada davolandi. Uning qarindoshlari qayd etishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlar bosh miya chayqalishini ko‘rsatgan. Urgan shaxs dastlab kechirim so‘ramagan, faqat video tarqalgandan keyin xodimning uyiga borib, ota-onasi oldida uzr so‘rashga majbur bo‘lgan.
Navoiy IIB axborot xizmati ma’lumoticha, kaltaklagan shaxs — 1994 yilda tug‘ilgan S.A. spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan. Tergov surishtiruvlari davomida u Paralimpiada chempioni Elbek Sultonov bilan birga restoranga borgani va janjal paytida sportchi mashinada qolgani, keyin esa vaziyatni tinchlantirishga uringani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Mutaxassislar bu voqea jamiyatdagi oddiy tushunmovchilik va hissiyotga berilgan harakatlar qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib turganini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!