date

Toshkent viloyatida zaxarlangan bolalar sog‘aydi, bog‘chalar ochiladi

Toshkent viloyatida zaxarlangan bolalar sog‘aydi, bog‘chalar ochiladi

Toshkent viloyatida ovqatdan zaxarlanish holati sabab bir necha kun davomida jamoatchilik tashvishga tushgan edi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalarida sodir bo‘lgan bu holat ko‘plab ota-onalarda xavotir uyg‘otdi. Biroq hozirgi paytda barcha bolalar sog‘ligi tiklangani va ular o‘z oilalariga qaytgani rasman ma’lum qilindi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabariga ko‘ra, shifokorlar zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rib, bolalarni to‘liq davolab chiqqan. Davlat organlari tomonidan olib borilgan tekshiruvlar ularning hayotiga xavf soluvchi omillar yo‘qligini aniq tasdiqladi.

Vaziyatga darhol Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi jalb etildi. Ular vazirlik bilan hamkorlikda barcha zarur choralarni ko‘rib, jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib bordi. Natijada, 2 oktyabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari odatiy ish tartibiga qaytishi belgilandi.

Aytish joizki, hozirgi kunda ayrim bog‘chalarda ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing asosida tashkil etilgan. Shartnomalarda esa sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish aniq belgilangan. Ammo voqea bu talablarga amal qilishdagi kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.

Vazirlik o‘z mas’uliyatini chuqur anglagan holda nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishini ma’lum qildi. Agar tekshiruvlarda qonunbuzarlik yoki qoidalarga rioya etilmagan holatlar aniqlansa, shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki umuman bekor qilinadi.

Farzandlar sog‘ligi – eng katta boylik, deb ta’kidlagan mas’ullar barcha ovqatlanish xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlarga murojaat qildi: xarajatni qisqartirish yoki sanitariya qoidalariga bepisandlikka hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat maxsus komissiya tashkil etilishi va uning xulosalari ommaga e’lon qilib borilishi aytildi.

Kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun prokuratura organlari, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda tizimli choralar ko‘rilishi qayd etildi.

Shu tariqa, ovqatdan zaxarlanish ortidan yuzaga kelgan muammolar bartaraf etildi. Eng muhimi, bolalar sog‘ligi to‘liq tiklandi va bog‘chalar odatiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent viloyatida zaxarlangan bolalar sog‘aydi, bog‘chalar ochiladi