Davlat tuzilmalaridagi korrupsiyaviy holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilayotgan bir paytda, Toshkent viloyatida yirik pora olgan departament xodimlari ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati rasmiy axborotida ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Guliston tumani bo‘limi boshlig‘i hamda Bekobod shahri bo‘limining katta tezkor xodimi 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan. Tezkor tadbir Bekobod shahrida o‘tkazilgan.
Ular fuqaroga Jinoyat Kodeksining 184-moddasi 3-qismi bo‘yicha Zangiota tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishini “ijobiy hal qilish”ni va’da qilgan. Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan 2 ta MCHJga nisbatan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlarini “noqonuniy” deb topishga va’dalar bergan.
Tergovga qadar aniqlangan dalillarga ko‘ra, ushbu ikki xodim ilgariroq ham aynan shu shaxsdan 108 ming dollar pora olgani ma’lum bo‘lgan.
Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 28,211-moddаsi 3-qismi “a” bandi (pora olishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.Sud ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini qo‘llashga qaror qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!