“Malibu bolani 100 metr sudrab ketgan” – Andijondagi fojia tafsilotlari

“Malibu bolani 100 metr sudrab ketgan” – Andijondagi fojia tafsilotlari

25 iyun kuni Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi jamoatchilikni larzaga soldi. Katta tezlikda harakatlangan Malibu (60Z511ZZ) avtomobili nabiralarini bog‘chadan olib qaytayotgan va piyodalar yo‘lakchasini kesib o‘tayotgan buvi va uning ikki nafar nabirasini urib yubordi. Oqibatda ularning ikki nafari voqea joyida halok bo‘ldi.

Marhumlarning yaqinlari so‘zlariga ko‘ra, fojiaga sabab bo‘lgan Malibu haydovchisi hodisa vaqtida yuqori tezlikda harakatlanayotgan BMW (60Y017KB) avtomobili bilan poygalashayotgan bo‘lgan. Ularning iddao qilishicha, aynan shu holat fojianing kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Yaqinlar yana bir dahshatli holatni ham ma’lum qilgan. Ularning aytishicha, zarba oqibatida jabrlangan bolalardan biri Malibu avtomobili tomonidan qariyb 100 metr masofagacha sudrab ketilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, poygalashayotgan ikki avtomobil juda yuqori tezlikda harakatlangan. Ularning taxminicha, avtomobillarning tezligi 100 km/soatdan yuqori, taxminan 120–130 km/soat atrofida bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu piyodalar o‘tish joyida avval svetofor bo‘lmagan. Fojiadan so‘ng mazkur hududga svetofor o‘rnatilgan.

Mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, fuqarolar yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, tezlikni oshirmaslik va piyodalar xavfsizligini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar