
Andijon viloyatida fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonini noqonuniy ravishda sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Asaka tumani bo‘limi xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida fuqarolar V.T. va X.S. tomonidan qonunbuzarlik sodir etilgani aniqlangan.
Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar tumandagi Yu.M. fermer xo‘jaligiga qarashli, "Yuqori Bo‘z" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 0,6 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan. Ular ushbu yerni fuqaro U.K.’ga 25 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kadastr hujjatlarini keyinchalik rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Shaxslar kelishilgan mablag‘dan 22 500 AQSH dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.