Denovlik shaxs Tojikiston fuqarosini tutqunlikda saqlagani aytilmoqda

DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Denov shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxs Tojikiston Respublikasining 1993 yilda tug‘ilgan fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turgani aniqlangan. Ma’lumotda aytilishicha, jabrlanuvchi Dushanbe shahrida istiqomat qiladi.
Tekshiruvlarda qayd etilishicha, denovlik shaxs Dushanbeda yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan tanishiga 11 ming AQSh dollari bergan. Pul o‘z vaqtida qaytarilmagach, u qarzdorning “sherigi”ni garov sifatida Denov shahrida olib qolgan va erkin harakatlanishini cheklagan.
Xabarda ta’kidlanishicha, qarz qaytarilmagani ortidan Tojikiston fuqarosi tutqunlikda saqlangan, turli qiynoqlarga duchor qilingan va oqibatda unga og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani bildirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!