Denovda uyi buzilgan oilaga yangi uy quriladi

Denov tumanida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerda noqonuniy qurilgan uyi buzilgan oilaga yangi turar joy qurib beriladi. Majburiy ijro byurosi buzish ishlari Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 29 dekabrdagi ijro hujjati asosida amalga oshirilganini ma'lum qildi.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy buzilgani ortidan jamoatchilikda turli fikrlar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda xonadon ogohlantirishsiz buzilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Majburiy ijro byurosi ushbu ma’lumotlarni rad etib, voqea sud hujjati asosida amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, holat 8 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan. Unda Majburiy ijro byurosi xodimlari fuqaroning uy-joyini oldindan ogohlantirmasdan buzib tashlayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Holat o‘rganilganida esa buzish ishlari Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 29 dekabrdagi ijro hujjatiga asosan amalga oshirilgani aniqlangan.
Sud hujjatiga ko‘ra, Denov tumani G‘alaba massivi, Chuqurqishloq mahallasi hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonining 0,20 gektar qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan. Mazkur yerda barpo etilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalarni buzish, shuningdek, yer maydonini avvalgi holatiga qaytarish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati 24 yanvar kuni Majburiy ijro byurosining Denov tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Shundan so‘ng ijro ishi rasman qo‘zg‘atilgan. Qarzdorlarga sud hujjatida belgilangan talablarni bajarish zarurligi haqida belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan.
Shuningdek, sud ajrimiga muvofiq ijro harakatlari ma’lum muddatga to‘xtatib turilgan. Keyinchalik sudning tegishli ko‘rsatmasi asosida ushbu to‘xtatish bekor qilingan va ijro jarayoni yana davom ettirilgan.
Qarzdorlar sud hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmagani sababli 2026 yil 7 avgust kuni majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish belgilangan. Bu haqda tegishli tashkilotlar ham oldindan xabardor qilingan. Natijada ijro hujjatida qayd etilgan noqonuniy qurilmalar belgilangan tartibda buzilib, sud qarorining ijrosi to‘liq ta’minlangan.
Oilaga yangi uy qurib beriladi
Voqeadan keyin masala Surxondaryo viloyati hokimi tomonidan shaxsan nazoratga olindi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov uyi buzilgan er-xotin bilan uchrashib, ularning holidan xabar oldi va mavjud vaziyat yuzasidan suhbat o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fuqaroning uy-joy masalasi e’tiborsiz qoldirilmasligi, oilaning manfaatlari inobatga olinishi ta’kidlandi. Shu maqsadda uyi buzilgan oila uchun yangi turar joy qurib berilishi ma’lum qilindi.
Shu tariqa, sud hujjati ijrosi doirasida noqonuniy qurilmalar buzilgan bo‘lsa-da, voqeadan keyin oilaning uy-joy bilan bog‘liq muammosini hal etish chorasi ko‘rilmoqda.






























Izohlar 0
…