Toshkentda mototsikl uchta transport ishtirokida avariyaga uchradi

Toshkent shahri Mirobod tumanida mototsikl, GAZ-5312 va KIA K5 ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avariya oqibatida mototsikl boshqargan 21 yoshli yigit vafot etdi.
Toshkent shahar IIBB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, voqea 25 sentyabr kuni soat 22:45 da Kichik halqa avtomobil yo‘lining 83-maktab qarshisidagi qismida yuz bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2005 yilda tug‘ilgan J.Sh. mototsiklda harakatlanib ketayotganda oraliq masofani saqlamagan. Natijada u o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlangan, 1994 yilda tug‘ilgan T.L. boshqaruvidagi GAZ-5312 rusumli transport vositasiga borib urilgan.
To‘qnashuvdan so‘ng mototsikl haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan 2001 yilda tug‘ilgan Sh.S. boshqaruvidagi KIA K5 avtomobili bilan ham to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida mototsikl haydovchisiga voqea joyida birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, u shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…