Uch piyodani urib, uchirib yuborgan Malibu haydovchisi qamoqqa olindi

Andijon viloyatida Malibu-2 rusumli avtomobil piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan uch nafar fuqaroni katta tezlikda urib yuborgani, oqibatda ularning ikki nafari vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur ayanchli yo‘l-transport hodisasini sodir etgan Malibu haydovchisi qamoqqa olindi. Bu haqda Andijon viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda haydovchiga nisbatan protsessual tartibda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hodisa yuzasidan Andijon shahar IIOFMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu fojia joriy yilning 25 iyun kuni Andijon shahrining “Yangi Bo‘ston” MFY hududidagi Amir Temur shoh ko‘chasida joylashgan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan haydovchi R.Z. o‘ziga tegishli Malibu-2 rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtda yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yuborgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jabrlanganlar tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha tibbiy muolajalarga qaramasdan, ularning ikki nafari hayotdan ko‘z yumgan.






























Izohlar 0
…