Ertaga havo keskin o‘zgaradi: qaysi hududlarga yomg‘ir yog‘adi?

Ertaga, 30 iyun kuni O‘zbekistonning qator hududlarida ob-havo beqaror tus oladi. Ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi, ayrim joylarda esa shamol kuchayishi kutilmoqda.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahrida kun davomida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Qisqa muddatli yog‘ingarchilik va momaqaldiroq ehtimoli saqlanib qoladi. Havo harorati kechasi 23–25, kunduzi esa 30–32 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi va chaqmoq chaqishi mumkin. Farg‘ona vodiysida esa yog‘ingarchilik kutilmayapti, ammo shamol ba’zi hududlarda kuchayishi mumkin.
Qoraqalpog‘istonda ayrim tumanlarda qisqa muddatli yomg‘ir kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga, kuchli shamol ayrim joylarda chang-to‘zonlarni yuzaga keltirishi ehtimoldan xoli emas. Xorazm, Buxoro va Navoiyda asosan quruq ob-havo saqlanadi, biroq shamolning tezligi ayrim hududlarda kuchayadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmayotgan bo‘lsa-da, shamolning kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Havo harorati ushbu hududlarda 37 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda esa vaziyat nisbatan xavotirli. Bu yerlarda vaqt-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda kuchli jala va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, mutaxassislar 29 iyundan 3 iyulga qadar tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelish xavfi mavjudligidan ogohlantirdi. Shu munosabat bilan aholiga ehtiyotkor bo‘lish va rasmiy ogohlantirishlarga amal qilish tavsiya etilmoqda.






























Izohlar 0
…