Andijonda bir oilada 4 nafar egizak dunyoga keldi

Andijonda bir oilada 4 nafar egizak dunyoga keldi

25 avgust kuni Andijon viloyatida bir oila uchun quvonchli va unutilmas voqea yuz berdi — bir vaqtning o‘zida to‘rt nafar egizak dunyoga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon tumanida istiqomat qiluvchi Dildoraxon Ahmedova joriy yilning 20 avgust kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan tibbiyot muassasasiga qabul qilingan. Mutaxassislar ona va chaqaloqlar salomatligini inobatga olgan holda tug‘ruqni maxsus nazorat ostida olib borgan.

Ayolga homiladorlik muddati tugamasidan oldin kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Tug‘ruq jarayonida akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlardan iborat mutaxassislar jamoasi ishtirok etgan. Muolaja muvaffaqiyatli o‘tkazilib, to‘rt nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

Chaqaloqlarning uch nafari qiz, biri esa o‘g‘il bo‘lib, ularning vazni quyidagicha:

  • birinchi chaqaloq — qiz, 1 840 gramm;

  • ikkinchi chaqaloq — o‘g‘il, 1 534 gramm;

  • uchinchi chaqaloq — qiz, 1 584 gramm;

  • to‘rtinchi chaqaloq — qiz, 1 756 gramm.

Ayni vaqtda to‘rt nafar chaqaloq va ularning onasi shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning holati tibbiy mutaxassislar tomonidan kuzatib borilmoqda.

To‘rt egizakning dunyoga kelishi oila uchun katta quvonch bo‘lish bilan birga, tug‘ruq jarayonida ishtirok etgan tibbiyot xodimlari uchun ham mas’uliyatli va ahamiyatli voqea bo‘ldi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar