«Oyoq harakati»: Britaniya nashri O‘zbekiston boksining dunyoni zabt etish sirini ochdi!

«Oyoq harakati»: Britaniya nashri O‘zbekiston boksining dunyoni zabt etish sirini ochdi!

Dunyo boks arenalarida O‘zbekiston terma jamoasi ko‘rsatayotgan mislsiz natijalar xalqaro sport nashrlari va yetakchi mutaxassislarning diqqat markazida turibdi. Buyuk Britaniyaning sohaviy sport nashri Boxing Media o‘zbek boks maktabining fenomenal yutuqlarini maxsus tahlil qilib chiqdi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, ringdagi g‘alabalar tasodif emas, balki mukammal ishlangan oyoq harakati texnikasi va harakatchanlik strategiyasiga asoslangan.

«O‘zbekcha uslub»: Ringdagi muvozanat va tezkor burchaklar

Britaniya nashri o‘zbek boksidagi mashg‘ulotlar tizimining o‘ziga xos jihatlariga alohida to‘xtaldi:

«O‘zbekiston boks maktabida oyoq harakatiga alohida e’tibor qaratiladi. Bokschilar yengil qadam tashlash, muvozanatni saqlash va istalgan burchakdan chaqqonlik bilan hujumga o‘tishga o‘rgatiladi. Sportchilar doimiy ravishda oldinga-orqaga tez siljish, keskin burilishlar hamda yon tomonga mayda qadamlar ustida tinimsiz ishlaydi. Shu orqali ular raqibga yaqinlashish, seriyali kombinatsiyalarni yo‘llash va raqibning javob zarbasi yetib kelguniga qadar xavfli hududdan chiqib ketishni mukammal o‘zlashtiradi», — deyiladi nashr tahlilida.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ko‘plab kompleks mashqlar oyoq harakatini «soya bilan jang», maxsus konuslar bilan ishlash yoki sparring sherigi bilan harakatlanish bilan uyg‘unlashtiradi. Bu esa sportchini to‘xtab qolmasdan, doimiy harakatda turib aniq zarba berishga va oyoqlarni bir joyda qotirib qo‘ymaslikka o‘rgatadi.

2016–2024: O‘zbek boksining oltin davri

Mutaxassislar e’tirofiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2016 yildan buyon jahon boksida yakkahokimlik qilib kelmoqda:

  • Rio-2016 Olimpiadasi: O‘zbek charm qo‘lqop ustalari 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixda ilk bor umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi;

  • Toshkent-2023 jahon chempionati: O‘z uyida kechgan mundialda milliy terma jamoa a’zolari 5 ta oltin medalga ega chiqdi;

  • Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari: Erkaklar o‘rtasidagi 7 ta vazn toifasidan 5 tasida oltin medalni qo‘lga kiritib, dunyo boksi tarixidagi eng yuqori natijalardan birini qayd etdi.

Aynan oyoqda chaqqon harakatlanish va taktik savodxonlik O‘zbekistonni jahonning 1-raqamli boks derjavasiga aylantirgan bosh omil sifatida baholanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar