Toshkentda erkak kanalga tushib ketgan bolani qutqardi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida bir fuqaroning jasorati tufayli kanalga oqib ketgan 3 yoshli bola qutqarib qolindi.
Voqea joriy yilning 29 avgust kuni sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda kichik bolaning kanal suvida oqib ketayotgani va uni ko‘rib qolgan erkak yordam berish uchun suvga tushgani aks etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro mazkur hududga videorolik suratga olish maqsadida kelgan. Biroq u yerda kutilmaganda bolaning kanalga tushib, suv oqimida oqib ketayotganiga guvoh bo‘lgan.
Erkak vaziyatni ko‘rib, bir zum ham ikkilanmagan. U darhol suvga tushib, bolani oqimdan olib chiqqan va xavfsiz joyga olib o‘tgan.
Bola suvdan chiqarilganidan so‘ng unga yordam ko‘rsatishga harakat qilingan. Keyinchalik voqea aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Qahramon fuqaro ota-onalarni farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslikka chaqirdi. Shuningdek, bolalarni cho‘milish taqiqlangan va xavfli suv havzalariga yubormaslik zarurligini ta’kidladi.
Bir necha daqiqalik e’tiborsizlik katta fojiaga olib kelishi mumkin. Bu voqea esa bolalar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratish qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…