Toshkentda harakatdagi ikki mashina ustiga daraxt quladi

Toshkentda ertalabki soatlarda kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. Mirzo Ulug‘bek tumanida harakatlanib borayotgan ikki avtomashina ustiga daraxt sinib, qulab tushdi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 2 sentyabr kuni soat 05:32 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Shahrisabz” mahallasi, Maxtumquli ko‘chasi, 1-uy qarshisida yuz bergan.
Daraxtning kutilmaganda sinib ketishi natijasida yo‘lda harakatlanayotgan ikki avtomobil uning ostida qolgan. Hodisa haqida xabar olinishi bilan voqea joyiga qutqaruv ekipajlari hamda tegishli xizmatlar jalb qilingan.

Mutaxassislarning tezkor harakatlari natijasida yo‘lni to‘sib qolgan daraxt qismlari bartaraf etilgan. Shundan so‘ng transport vositalarining harakati qayta tiklangan.
E’tiborlisi, baxtsiz hodisa jiddiy oqibatlarga olib kelmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqea natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Hodisa Toshkent ko‘chalarida harakatlanayotgan haydovchilar uchun tabiat injiqliklari ham kutilmagan xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.






























Izohlar 0
…