O‘z farzandini uy va mashina sotib olish evaziga sotishga kelishgan ota-onaga sud hukmi e’lon qilindi

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida er-xotin 1,5 yoshli o‘g‘lini 35 ming dollarga farzandsiz oilaga berishga kelishgani ortidan sud hukmi chiqarildi. Ota-ona bunday qarorini og‘ir moddiy sharoit va qarzlar bilan izohlagan.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, er-xotin olingan mablag‘ni o‘z ehtiyojlari uchun sarflashni rejalashtirgan.
25 ming dollar — ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olish uchun;
10 ming dollar — avtomobil xarid qilish uchun.
Kelishilgan uchrashuv vaqtida ona bolani topshirish haqidagi tilxatni yozayotgan, ota esa pulni olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Ish sudda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sifatida ko‘rib chiqildi. Sud er-xotinni odam savdosida aybdor deb topdi. Erkak 6 yilga, ayol esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Eng og‘ir jihatlardan biri — er-xotinning jami uch nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lganidir. Sud hukmidan so‘ng ular qarindoshining qaramog‘iga topshirilgan.































Izohlar 0
…