Nega erkakni boshqalar bilan solishtirish munosabatlarni barbod qiladi?

Nega erkakni boshqalar bilan solishtirish munosabatlarni barbod qiladi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Erkaklar tabiatan zabardast bo‘lsa-da, ularning ham qalbi ozor chekadi va iliqlikka muhtoj, ularga ayollardan ko‘ra ko‘proq mehr kerak.
  • Erkaklarni boshqalar bilan solishtirish ulardagi ishchanlik va mas’uliyat tuyg‘usini so‘ndirib, oilani parokanda qilishi mumkin.
  • Ayolning go‘zal fe’l-atvori, samimiy so‘zlari va minnatdorligi erkakka qanot bag‘ishlab, oilada baxtiyorlik hissini uyg‘otadi.

Oilaviy hayotda ko‘pincha ayollarning ruhiy holati, ularga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Biroq jamiyatda mustahkam, baquvvat va har qanday sinovga bardoshli deb qaraladigan erkaklarning ichki dunyosi, ularning mehrga bo‘lgan ehtiyoji ko‘p hollarda e’tibordan chetda qoladi.

O‘zbekistonlik taniqli bloger, oilaviy munosabatlar, shaxsiy rivojlanish va psixologiya yo‘nalishida kontent yaratuvchi media shaxs Ra’no Mo‘minova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida erkaklar ruhiyati hamda oilaviy baxt formulasi haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, erkaklar tabiatan zabardast bo‘lsa-da, ularning ham qalbi ozor chekadi va iliqlikka muhtoj.

«Faryodga teng sukunat»: Erkaklar og‘riqni qanday yengadi?

Bloger ayollar va erkaklarning qiyinchiliklarni qabul qilish hamda his-tuyg‘ularni ifodalashdagi tub psixologik farqlariga e’tibor qaratdi:

  • Ichki kechinmalar og‘irligi: «Ayolga e’tibor kerak, deb ko‘p gapiramiz. Lekin aslida erkaklarga ayollardan ham ko‘ra ko‘proq mehr kerak. Ularning ham qalbi bor», — deya ta’kidlaydi Mo‘minova;

  • Dardning ichga yutilishi: Qalbi vayron bo‘lganida yoki ruhiy bosim kuchayganida erkaklar ayollar kabi yig‘lab, dardini doston qilib yengillasha olishmaydi;

  • Sukunatdagi isyon: Erkak kishi og‘ir lahzalarda ko‘pincha faryodga teng sukunat saqlaydi, barcha yukni va og‘riqni yolg‘iz o‘zi ichiga yutadi.

Eng xavfli odat: Solishtirishdan tiyiling

Oilani parokanda qiluvchi va erkakdagi ishchanlik hamda mas’uliyat tuyg‘usini so‘ndiruvchi asosiy omil — uni boshqalar bilan solishtirishdir:

  • Sindiruvchi so‘zlar: Ba’zan o‘ylamasdan aytilgan «Qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi», «Falonchining eri unga mashina/uy olib beribdi» kabi qochirimlar erkakning g‘ururini toptaydi;

  • Salbiy natijani chaqirish: Erga nisbatan doimiy shubha bilan qarash va norozilik bildirish oxir-oqibat uning haqiqatan ham qo‘lidan hech ish kelmaydigan darajaga tushib qolishiga olib keladi;

  • Mas’uliyat ayolda: Erkakning ichki kuchi so‘nishiga va oiladagi muvaffaqiyatsizlikka ko‘pincha ayolning noo‘rin ta’nalari sabab bo‘ladi.

Ilhom va donolik: Buyuklikka yarasha ruhlantirish kerak

Munosabatlarni saqlab qolish va erkakning hayotdagi mavqeini oshirish bevosita xonadondagi muhitga bog‘liq:

  • Rahbarlik maqomi: Yaratuvchi erkak kishini oila sardori, qudrat va salobat egasi qilib yaratgan. Agar ayol undan buyuk ishlar va yutuqlar kutayotgan bo‘lsa, avvalo shu darajaga munosib ruhlantirishni o‘rganishi lozim;

  • So‘z sehri va shirin muomala: Ayolning go‘zal fe’l-atvori, samimiy so‘zlari va minnatdorligi erkakka qanot bag‘ishlaydi;

  • Baxtiyorlik hissi: Oiladagi asosiy maqsad — erkak kishining qalbida o‘z taqdiri aynan shu ayol bilan bog‘langani uchun cheksiz rozilik, baxt va faxr hissini uyg‘ota olishdir.

Ra’no Mo‘minovaning ushbu mulohazalari zamonaviy oilalarda er-xotin o‘rtasidagi mehr-oqibat, bir-birini qadrlash va mustahkam ishonch muhitini yaratish naqadar muhim ekanini yana bir bor yodga soladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar