Jizzaxda davlat zaxirasidagi 80 sotix yerni 230 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida davlat zaxirasida bo‘lgan 80 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi. U yer uchastkasini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 230 million so‘m talab qilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1961 yilda tug‘ilgan F.X. ismli shaxs Alaml i mahallasi hududidagi hech qanday huquqiy hujjatlarga ega bo‘lmagan yer maydonini tanishlari yordamida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Ushbu xizmat uchun 230 million so‘m so‘ragan shaxs kelishilgan mablag‘ning 200 million so‘mini olayotgan vaqtida huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan. Uning yonidan pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqea bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar hozircha oshkor etilmagan.































Izohlar 0
…