Surxondaryoda chaqalog‘ini hojatxona chuquriga tashlagan ayol 3 yilga ozodligi cheklanishiga hukm qilindi

Surxondaryoda chaqalog‘ini hojatxona chuquriga tashlagan ayol 3 yilga ozodligi cheklanishiga hukm qilindi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxona chuquriga tashlab yuborgan 33 yoshli ayolga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Unga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026 yil 10 iyun kuni tonggi soat 05:00 atrofida sodir bo‘lgan. Ayol ota-onasining uyidagi hojatxonada qiz farzandini dunyoga keltirgan va chaqaloqni uning chuquriga tashlab yuborgan.

Sudda ayol chaqaloqni o‘lik tug‘ilgan deb o‘ylaganini bildirgan. Biroq sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, bolaning o‘limi yuqori nafas yo‘llari najas bilan berkilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sababli sodir bo‘lgan.

Ayolning onasi qizini tug‘ruqdan keyin hojatxonada ko‘p qon yo‘qotgan va hushsiz holatda topgan. Shundan so‘ng tez tibbiy yordam chaqirilgan va ayol shifoxonaga olib ketilgan.

Sud majlisida ayol o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Uning ilgari sudlanmagani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi va yana homilador ekani jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olingan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol Jinoyat kodeksining 99-moddasi — onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi bilan aybli deb topilib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. Shuningdek, unga nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirish va Surxondaryo viloyati hududidan chiqish kabi cheklovlar belgilangan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar