Qozog‘istonda motam kunida jonli efir qilgan bloger 10 sutkaga qamaldi

Qozog‘istonning Petropavlovsk shahrida 42 yoshli bloger Irina Antonenko 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Shimoliy Qozog‘iston viloyati politsiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25 sentyabr kuni Qozog‘istonda Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida halok bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchi xotirasiga umummilliy motam kuni e’lon qilingan.
Shu kuni Irina Antonenko ijtimoiy tarmoqda jonli efirga chiqib, musiqa ostida raqsga tushgan. Uning efirdagi xatti-harakatlari jamoatchilik e’tiboriga tushganidan so‘ng, politsiya holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan.
Shimoliy Qozog‘iston viloyati politsiyasi tekshiruv yakunida to‘plangan materiallarni sudga yuborgan. 29 sentyabr kuni sud Antonenkoga nisbatan ishni ko‘rib chiqib, uni mayda bezorilikda aybdor deb topgan va 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Avvalroq politsiya bloger bilan profilaktik suhbat o‘tkazgani va unga ogohlantirish bergani haqida xabar qilingan. Keyinchalik Antonenko ijtimoiy tarmoqlarda uzr so‘ragan.
Qayd etish kerak, blogerning jazolanishiga sabab sifatida sud tomonidan aynan “mayda bezorilik” huquqbuzarligi ko‘rsatilgan. Politsiya uning motam kunidagi xatti-harakatlariga qonunda belgilangan tartibda huquqiy baho berilganini ma’lum qilgan.






























Izohlar 0
…