9 983
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda urfga kirayotgan “kelinnavkar” degan baloga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 3 avgust kuni ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida xalqni qiynayotgan muhim masala haqida so‘z ochdi, deb yozadi Qalampir.uz nashri.
“Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga etaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz”, deydi davlat rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z fikrlarini samimiy va ochiq ruhda bayon etar ekan, to‘y va hashamlardagi kimo‘zarliklar oilalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, farzandning orzu-havasini qilaman deb, ota-onalar hayotdan erta ko‘z yumayotganini kuyunchaklik bilan aytdi.
“Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.
Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi”.
Shu o‘rinda statistik ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. 2016 yilda respublika bo‘yicha Toshkent shahri oilaviy ajrimlar bo‘yicha rekord natijani o‘rnatdi. Toshkent shahar hokimiyatidan ma’lum qilishlaricha, 2016 yilning 9 oy natijalariga ko‘ra, tuzilgan 100 ta oiladan 36 tasi ajrashish yoqasiga etib bordi. Xo‘sh, bu raqamlarning ayrimlari ortida o‘sha orzu-havaslar turmayaptimi? Prezident ana shu masalalarga atroflicha e’tibor qaratar ekan, hatto, g‘arbda ham uchramaydigan ayrim holatlarni tanqid ostiga oldi:
“Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelinnavkar” degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?
Yaqinda o‘tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim”.
Prezident to‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari-Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshirdi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»