20:36 / 20.09.2018
7 143

Bogʻchadagi bemisl oʻgʻrilik va korrupsiya: Sobiq mudiradan qoʻrquv tufayli unga yangi rahbar topilmayapti (video)

Bogʻchadagi bemisl oʻgʻrilik va korrupsiya: Sobiq mudiradan qoʻrquv tufayli unga yangi rahbar topilmayapti (video)
Maktabgacha taʼlim Vazirligi Ichki auditi xizmati Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida auditorlik tekshiruvi oʻtkazdi.

Avvaliga ota-onalardan bir banka boʻyoq olib kelish talabi bilan bogʻliq shikoyat yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv ortidan bogʻchadagi koʻp qingʻirliklar fosh boʻlgan.

«MTM mudirasi xonasida vazirlik auditorlarini oʻzini metodist deb tanishtirgan ayol kutib oldi. Tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan ayol, aslida amaldagi mudiraning onasi ekanligini tan oldi va bu yerda ishlamasligini aytdi. Keyingi tergovlar shuni koʻrsatdiki, avvallari jinoiy javobgarlikka tortilgan bu ayol aslida MTMning pul oqimlarini shaxsan oʻzi nazorat qilib kelgan.

Shu shikoyatlar asosida oʻrganib chiqilganida, ota-onalar hamda xodimlar “Nodira opa” degan ayolni mudira deb bilishlarini aytishgan.

Oʻtkazilgan tekshirish ishlari davomida misli koʻrilmagan miqyosdagi oʻgʻrilik va poraxoʻrlikka yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻldi. Amaldagi mudiraning onasi uzoq yillar davomida daxlsizlik va jazosiz qolishga odatlangan ekan. U MTV auditorlariga doʻq-poʻpisalar qilib, jismoniy putur yetkazish tahdidi bilan MTMga tegishli hujjat va maʼlumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi. Tekshirish ishlari ota-onalar tez-tez soʻraydigan savollarga javoblarni aniqlab berdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Bogʻcha bolalarini ovqatlantirish holati

Maʼlum boʻlishicha, auditorlik ishlari oʻtkazilgan kuni menyu uchun ishlatilishi lozim boʻlgan 56,2 kg goʻsht ombordan olingan, ammo u qozonlargacha yetib bormagan. Ajratilgan mahsulotning oʻrniga bir kun avval qaynatilgan 8,98 kg miqdoridagi goʻsht topilgan.

Aniqlanishicha, amaldagi “qoʻgʻirchoq” mudiraning onasi har kuni goʻshtning yarmini oʻzi uchun olib qoʻyishni odat qilgan.

MTV auditorlari “navbatchi goʻsht” deya talqin qilinadigan goʻshtni topishgan, bunday goʻsht odatda komissiya vakillari va tekshiruvchilarga namoyish qilish uchun saqlanadi. Muassasa tez-tez va oshkor tekshirishlar obyektiga aylangach, MTM xodimlari eski goʻshtni chiqindilar idishiga solishgan va hujjatlarni yashirish uchun “Maxsustrans” mashinasini chaqirishgan.

Ota-onalardan asossiz toʻlovlar

2018 yil yanvaridan boshlab ushbu bogʻchada bolalarning ota-onalari 180 ming soʻmdan 280 ming soʻmgacha boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirib kelmoqda.

Amaldagi tariflarga koʻra, MTMga bir oylik toʻlov miqdori 155 ming soʻmga teng. Bundan tashqari, ushbu MTMda muassasani moddiy quvvatlash jamgʻarmasiga har bir bola uchun qoʻshimcha ravishda kuniga oʻrtacha 25 ming soʻmlik toʻlov joriy qilingan. Qonuniy hujjatlarda belgilanmagan barcha toʻlovlar kassaga tushmagan. Bogʻchada noqonuniy daromad olishning yana bir manbai sifatida 3ta tijorat guruhlari mavjudligi aniqlandi, bu esa ushbu bogʻchaga har bir boladan qoʻshimcha 125 ming soʻmdan daromad olib kelgan. Bu “tijoriy guruh”lardan har oy 10 million soʻm atrofida pul choʻntakka tushgan.

MTV auditorlari tekshirish chogʻida ushbu bogʻchada 12 bola yoʻllanmasiz qatnayotganini aniqlashgan. MTM xodimlari roʻyxatga kiritilmagan bolalarni tekshirish vaqtida eshigi tashqaridan qulflanadigan omborxonaga yashirib qoʻyishgan. Bu bolalarning ota-onalari bogʻcha toʻlovini naqd pulda amalga oshirishi maʼlum boʻlgan.

Yana bir achinarli holat - bogʻcha hududida chinni buyumlar, yaʼni piyola ishlab chiqaradigan sex ochilgan. Mutaxassislarning eʼtiroficha, bu sexda foydalaniladigan xomashyo va boʻyoq bolalarning sogʻligʻiga zarar yetkazadi.

Bogʻcha emas, mafiya!

Xodimlarning yetishmasligi bilan bogʻliq vaziyatda ushbu MTM jamoasi tarkibida “oʻlik jonlar” topilgan.

Tarbiyachilar, hamshiralar va farroshlar sifatida roʻyxatga olingan odamlar aslida ushbu muassasada ishlamagan. Biroq, bir necha guruhlar tarbiyachilarsiz faoliyat olib borib, bolalar yordamchilar nazorati ostida boʻlib kelgan. Asossiz toʻlangan oylik maoshning hajmi 2015-2018 yillar oraligʻida 61 million soʻmni tashkil etgan. Tekshiruvdan soʻng, 197-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari oʻz lavozimidan ozod etilgan.

Biroq, telefon orqali tushayotgan tahdidlar davom etayotgani sababli ushbu muassasada yangi ishchilar koʻp ushlanib qolishdan bosh tortmoqda. Ayni paytda ushbu MTMga rahbarlik qilish lavozimini 3 kishi rad etgan.

Auditorlik materiallari tuman va Bosh prokuraturasiga joʻnatilgan.

«Hurmatli ota-onalar, MTM sizdan jim va befarq qolmasligingizni soʻraydi, chunki masala himoyaga muhtoj va munosib tarzdagi tarbiyadan mahrum boʻlayotgan bolalarimiz bilan bogʻliqdir. Maktabgacha taʼlim vazirligi oshkoralik tarafdori va u korrupsiya va oʻgʻrilikka qarshi kurashda qattiqqoʻl siyosat olib borishda davom etadi. MTV bolalarning huquq va manfaatlarini buzish faktlari haqida jim turmaydi, balki ularni himoya qilish yoʻlida oʻz vazifalarini qatʼiy ravishda amalga oshiradi.

Maktabgacha taʼlim sohasida huquqbuzarliklarga guvoh boʻlsangiz, +99871 215-52-79 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qiling yoki vazirlik sayti orqali oʻz shikoyatingizni yuboring», deyiladi vazirlik xabarida.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bogʻchadagi bemisl oʻgʻrilik va korrupsiya: Sobiq mudiradan qoʻrquv tufayli unga yangi rahbar topilmayapti (video)