20:32 / 06.03.2020
3 348

Prezident jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayolni afv etdi

Prezident jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayolni afv etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.

Qayd etilishicha, Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkuma ayollarni afv etish yuzasidan bildirilgan tashabbusi doirasida Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya, boshqa mutassadi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bevosita joylarga chiqqan holda mahkuma ayollarning shaxsini o‘rganish va ular bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilishi ta’minlandi.

O‘tkazilgan tadbir yakuni bo‘yicha Komissiyaning adashib, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish haqidagi taklifi Davlatimiz Rahbari tomonidan ma’qullanib, «Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi.

Farmonga muvofiq jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.

Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 29 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so‘z bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.

Bu voqea yurtimizda xalqimizga xos ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish, bag‘rikenglik, mehr-shafqat, insonparvarlik va kechirimli bo‘lish kabi ezgu fazilatlarning namoyon bo‘lganligining amaliy ifodasidir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan ayollarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayolni afv etdi