21:43 / 18.10.2021
1 790

Ayrim jarimalar kamaytirilmoqda

Ayrim jarimalar kamaytirilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 5 ta moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun tayinlanadigan jarimalar miqdori ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, keskin kamaytirilmoqda. Xususan, muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilyapti.

Shuningdek, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolarga ikki baravarga, mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga kamaytirilmoqda. Fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha bo‘lgan miqdor oralig‘ida belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga, yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilmoqda.

Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni turar joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun jarima miqdorini 735 ming so‘m, yil davomida takroriy sodir etilgan taqdirda 1,225 million so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy jazolar miqdorining insonparvarlik, odillik tamoyillariga muvofiq ravishda kamaytirilishiga olib keladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayrim jarimalar kamaytirilmoqda