17:23 / 14.02.2024
969

“Zapretga tushib atrofdagilarning asl yuzini ko‘rdim”. Xonanda Feruza Jumaniyozova 40 yoshda (foto)

“Zapretga tushib atrofdagilarning asl yuzini ko‘rdim”. Xonanda Feruza Jumaniyozova 40 yoshda (foto)
14 fevral sanasida “Yalla habibi” va “Kel azizim” qo‘shiqlari bilan muxlislar mehrini qozongan taniqli xonanda Feruza Jumaniyozova 40 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan bir necha yillik “zapret” tufayli ijoddan uzoqlashgan, stress sabab ortiqcha vazn olgan hamda hozirda yana faol ijodga qaytgan xonandaning ichki olamiga nazar tashlaymiz.

Foto: Instagram

Ijoddagi tanaffus sababi

— Ijodda tanaffus qilishimga semirib ketganim sabab bo‘ldi. Oldinlari ideal ko‘rinishda sahnaga chiqqanim uchun tashqi qiyofamdan uyala boshladim. Bunaqa holatda muxlislarim ko‘ziga ko‘rinishni xohlamadim. Faqat farzand tarbiyasi bilan band bo‘ldim, desam xato bo‘ladi. Shuning uchun faqat to‘ylarga chiqib turdim. Tashqi ko‘rinishdan rozilik ayol kishi uchun juda muhim. Inshaalloh, katta sahnada konsert qo‘yish niyatim bor.

“Zapretga tushganimda odamlarning asl yuzini ko‘rdim”

— 20 yil oldingi Feruzaning va hozirgi Feruzaning ancha farqi bor. Chunki men ona bo‘ldim. Uy bekasiga aylandim. Bundan afsuslanmayman. Oldingi va hozirgi dunyoqarashim o‘rtasida ancha farq bor. Odamlarni bilib oldim. Yulduz darajasida yurgan paytim menga jonini berishga tayyor bo‘lgan muxlislarim, do‘stlarim “zapret”ga tushganimda tashlab ketishdi. Yonimda hech kim qolmadi. Bir tomondan “zapret”ga tushishim, o‘tirib qolishim menga sinov vazifasini bajardi. Yonimda yurganlarni yaxshi tanib oldim.

Foto: Instagram
“Toshkentga onam bilan bitta o‘rindiqda o‘tirib kelganmiz”

— Toshkentga kelishimiz juda qiziqarli bo‘lgan. Orqaga nazar tashlaydigan bo‘lsam ham yig‘layman, ham quvonaman. O‘sha paytlarda san’atkor bo‘lganimdan afsuslanardim. “Ayajon nimaga azob chekyapmiz?”, deb yig‘lardim. Endi o‘ylab qarasam, menga u kunlar esdalik bo‘lib qolib ketdi. Hozir “O‘sha kunlarga yana qaytasanmi?”, deb so‘rashsa, hech ikkilanmay, “Qaytaman”, deyman. Hayotda qiyinchilikdan qo‘rqmaslik kerak ekan. Ko‘rgan qiyinchiliklarim keyin yaxshiliklarga xizmat qildi.

San’atni deb tibbiyotni tark etgan xonanda

— 99 yillarda tibbiyot kollejida o‘qirdim. Ayamga “Qo‘shiqchi bo‘laman”, dedim. Ayam esa “Sen shifokor bo‘lishing kerak, qayerdan chiqdi bu gap?”, dedi. “Ayajon qo‘shiqchi bo‘lganimda ham yaxshi qo‘shiqchi bo‘laman”, dedim. Ayam o‘zi san’atkor bo‘lgani uchun “Mayli, menga qo‘shiq xirgoyi qilib ber, agar menga yoqsa, rozi bo‘laman”, dedi. Ayam menda Xorazmcha qo‘shiq aytishimni kutgan. Men esa Estrada yo‘nalishida kuylashni istardim. Ayam “Bu yo‘l og‘ir yo‘l. Poytaxt bir daryo, biz esa kichkina ariqmiz. Mo‘ljalni unaqa katta olma”, dedilar. Men esa ko‘nmadim.

Foto: Instagram
San’atga ilk qadamlar

— Bu birinchi o‘rinni olish men kutayotgan marra emasdi. Biz ko‘rik tanlovdan keyin uyga qaytib ketdik. Keyinroq esa “Yulduz shou” o‘tkazildi. O‘shanda bizni chaqirishdi. Shundan keyin omad kulib boqdimi, ijod boshlanib ketdi.

“Toshkentga kelganimdan keyin qiyinchiliklarning zo‘ri boshlangan”

— Mablag‘ tomondan juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Ayam bilan Xorazmdan Toshkentga avtobusning bir o‘rindig‘iga o‘tirib kelganmiz. Bir kuni esimda bor, ayamning tizzasiga o‘tirib kelayotgandim, ayam juda charchadi va yonimizda o‘tirgan harbiy boladan bir ozga bo‘lsa-da menga joy berib, o‘zi tik turib turishini iltimos qildi. U esa “Men ham xizmatni o‘tab, charchab kelyapman, xola” deb unamadi. Shu tariqa manzilga yetgunimizcha ayamning tizzasida o‘tirib ketdim. O‘shanda ikki o‘rindiq uchun bilet olishga pulimiz yo‘q edi. Endi o‘ylab qarasam, Toshkentga kelganimizdan keyin ko‘rgan qiyinchiliklarimning oldida bu mashaqqatlar hech narsa emas ekan. Har xil tuhmatlar bo‘ldi. Siz bir onaning bokira qizisiz. Sizga “Qizing mening erim bilan yurdi”, deyishsa, tasavvur qiling onangizga qanday og‘ir botishini?

“Insonga onadan boshqa hech kim do‘st bo‘la olmaydi”

— San’atdan do‘st topish mumkin, lekin san’atkorlar ichidan emas. Chunki san’atkor san’atkorga hech qachon do‘st bo‘lmaydi. O‘zi bir inson boshqasiga do‘st bo‘la olishiga ishonmayman. Inson uchun faqat ona do‘st bo‘la oladi. Men onamdek do‘st topa olmadim hayotda.

Foto: Instagram
“Xiyonatni kechirmayman”

— Bir inson mening ishonchimni poymol qilsa, u uchun ko‘nglim eshiklarini yopaman. Ko‘rganimda salom, deyishim mumkin. Lekin u inson men uchun yopiq eshik bo‘ladi. Bir inson sizga xiyonat qilsa, qanday qilib uni uyingizga olib kirib, to‘rga o‘tqazib qo‘yasiz? Men uchun jonini beradigan, metrlab xatlar yozadigan muxlislarim, sizsiz o‘lib qolaman degan shogirdlarim bor edi. Lekin ular kezi kelsa meni to‘yiga aytmadi, bitta SMS yozib qo‘yishga yaramadi.

Kutilmagan “zapret”

— 2007 yilda “zapret”ga tushdim. “Xalqlar do‘stligi”da konsert qo‘yayotgandim, bannerlar osilgan, reklamalar ketyapti. “Konsert to‘xtatildi, sen zapretga tushding”, deyishdi. “Nimaga? Sabab nima?”, dedim. Savollarimga hech kim javob bermadi. Oradan 6-7 yil o‘tdi, lekin taqiq yechilmadi. Onam bilan bormagan joyimiz, taqillatmagan eshigimiz qolmadi. Lekin jo‘yali javob eshitmadik. “Zapret”ning sababini bilmaslik insonni tushkunlikka tushirib qo‘yadi. Ana o‘shanda men birinchi stressimni oldim va semirib keta boshladim. Muxlislarim qachon konsert qo‘yasiz, deb so‘radi, ularga javob bera olmasdim. Balki o‘sha vaziyatda ham ijodimni davom ettirishim kerak bo‘lgandir, lekin men tushkunlikka tushib qoldim, shokdan chiqib keta olmadim.

Eng baxtli ayol kim?

— Eng baxtli ayol oilani saqlab qola olgan ayol. Garchi puli bo‘lmasin, qimmat mashinasi, uyi bo‘lmasin, boringki chiroyli ko‘ylagi ham bo‘lmasin, lekin eri va farzandi bor ayol dunyodagi eng baxtli ayol deb hisoblayman.

Ma’lumot uchun, Feruza Jumaniyozovaning xit qo‘shiqlaridan biri — “Yalla habibi” turli millat vakillari tomonidan o‘zbek tilida ijro etilgan.
Xususan, ushbu qo‘shiq arab millatiga mansub Leyla ismli qiz tomonidan ham kuylangan.

Qo‘shiqning hindistonlik 15 yoshli Yumna Ajin ijrosidagi versiyasi ham ancha ommalashgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Zapretga tushib atrofdagilarning asl yuzini ko‘rdim”. Xonanda Feruza Jumaniyozova 40 yoshda (foto)