Dehlidagi BRIKS bozorida o‘zbek kulolligi madhi

Dehlidagi BRIKS bozorida o‘zbek kulolligi madhi

Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahridagi Milliy hunarmandchilik muzeyida (National Crafts Museum) BRIKS sammiti doirasida «BRICS Bazaar: Crafting Cultures, Connecting People» nomli xalqaro ko'rgazma o'z ishini boshladi. Tadbirni yoritish uchun tashrif buyurgan jurnalistlar guruhi sifatida pavilonlarni kuzatar ekanmiz, to'satdan tanish va qadrdon nafasni tuyib, cheksiz quvonch va faxrni his qildik.

Ko'rgazmaning bosh kirish qismidagi ko'p tilli ramziy peshtoqda dunyoning boshqa tillari qatorida ona tilimizda ham katta harflar bilan «Xush kelibsiz!» deb yozib qo'yilgani xalqaro mehmonlarga o'zbek madaniyati ushbu yirik platformaning ajralmas bir bo'lagi ekanini namoyon etib turibdi.

Dehlidagi BRIKS bozorida o'zbek kulolligi madhi

Dehli markazida porlagan o'zbek ipagi va Qo'qon kulollik maktabi

Ko'rgazma hududi bo'ylab yuqoriga osilgan turfa milliy matolar orasida o'zbek xonatlasi va alohida ajralib turuvchi «Uzbekistan» yozuvli yorqin milliy atlas-adras polotnolari har qanday mehmonning e'tiborini tortadi.

Asosiy pavilonlar qatorida yurtimiz nomidan tashkil etilgan alohida milliy stend qad rostlagan:

An'anaviy kulollik (Traditional Pottery) bo'yicha taniqli usta hunarmand Akbar Tursunaliev (Qo‘qon Ceramics School);

Dastgohli rangtasvir va naqshkorlik (Easel Painting) yo'nalishida mahoratli mutaxassis Ulug'bek Sharabaev.

Bizning milliy stendimizda namoyish etilayotgan Qo'qon kulollik maktabiga xos laganlar, choynak-piyolalar, mevadonlar va noyob naqshli ko'zachalar mahorat cho'qqisini namoyon etmoqda. Ayniqsa, maxsus kovaklarga «BRICS INDIA 2026 / UZBEKISTAN KOKAND» deb zarhal va milliy bo'yoqlarda muhrlangan ramziy laganlar xorijlik sayyohlar hamda diplomatlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.

Dehlidagi BRIKS bozorida o'zbek kulolligi madhi

Olis Dehlidagi samimiy diydor va tahririyatga tuhfa

Yurtdan minglab chaqirim olisda o'z vatandoshlarimizni, milliy san'atimizni dunyo minbarida yuksak darajada tanitayotgan ustalarimizni uchratish o'zgacha zavq bag'ishladi. Qizg'in va samimiy suhbat davomida ustalarimiz hindistonliklar va xorijiy delegatsiya vakillari o'zbek naqshlarining nozik jihatlari hamda kulollik sirlariga juda yuqori baho berayotganini ta'kidlashdi.

Diydor yakunida Qo'qon kulollik maktabi ustasi Akbar aka Tursunaliev qo'l mehnati bilan yaratilgan, qora fonda sariq, yashil va firuza rangli qadimiy islimiy naqshlar bilan bezatilgan noyob ko'zachani saytimiz — Zamin.uz tahririyatiga esdalik sifatida sovg'a qildi.

Dehlidagi BRIKS bozorida o'zbek kulolligi madhi

Ushbu mo''jazgina tuhfa biz uchun shunchaki chiroyli kulollik buyumi emas, balki Dehlidagi BRIKS sammiti kunlarida o'zbek milliy merosi va hamjihatligining yorqin timsoliga aylandi.

Dehlidan tayyorlangan yangi lavhalarni kuzatib boring.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar