Turkiyaga kelin bo‘lgan Nargiza Salmonova: “Bir yil qaynonamga yalindim” (video)

Aktrisa Nargiza Salmonova “Mening oshxonam” dasturida kelinlik davri haqida gapirib, qaynonasi dastlab uni oshxonaga yaqinlashtirmaganini esladi.
“Boshida kelin bo‘lib Turkiyaga borganimda, oshxonani umuman menga bermadilar. Qaynonamga bir yil yalindim. Sizga bu juda yaxshi holatdek tuyulishi mumkin. Balki ko‘pchilikning orzusi ham shudir. Lekin men bu holatdan biroz xafa bo‘lganman.
'Ey Xudo, kelib qolmasinlar, ulgurib qolay', deb idishlarni yuvib olardim. Mehmonga borib, ular kelgunicha tez-tez ovqatlar pishirib quyardim. Chunki o‘zimni isbotlashni xohlardim. Lekin qaynonam meni umuman oshxonaga yaqinlashtirmasdi”, — dedi aktrisa.

Nargiza Salmonovaning so‘zlariga ko‘ra, qaynonasi unga bu qarorini boshqacha tushuntirgan.
“Keyin qaynonam: 'Siz qizim, o‘zingizning ustingizda ishlang, Turkiyaga moslashing, bizning odatlarimizni yaxshilab o‘rganing. Ovqat qilish qochib ketmaydi. Hozircha mening quvvatim bor. Balki vaqt kelib, quvvatim ketganda siz menga pishirib berarsiz', deganlar.
Lekin baribir xafa bo‘lganman. 'Menga chiroyli qilib tushuntiryaptilarmi yoki menga ishonmayaptilarmi?' deb o‘ylaganman. Keyinchalik esa o‘zimni isbotladim. Xudoga shukr, hozir mehmonlar kelsa, bemalol oshxonani menga topshiradilar”, — deya aktrisa kelinlik davrini esladi.






























Izohlar 0
…