22:11 / 16.08.2024
530

“Uyimni sotib bo‘lsa ham beraman” — Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga sarflangan 2 mlrd so‘m haqida

“Uyimni sotib bo‘lsa ham beraman” — Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga sarflangan 2 mlrd so‘m haqida
Ozodbek Nazarbekov
Foto: AOKA

Bugun, 16 avgust kuni AOKAda Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir Ozodbek Nazarbekov jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan “Ovoz” ko‘ngilochar vokal iste’dodlari musiqiy loyihasiga to‘xtalib o‘tdi.

“Ovoz” (The voise of Uzbekistan) – o‘zbekcha ko‘ngilochar vokal iste’dodlari musiqiy loyihasi. Bu musiqiy loyiha niderlandiyalik prodyuser Jon de Mol tomonidan yo‘lga qo‘yilgan The Voice televizion vokal tanlovi formatining o‘zbekcha versiyasi. Joriy yilning aprelidan “Zo‘r TV” telekanalida efirga uzatila boshlangan edi. Mazkur loyihaga budjetdan 2 milliard so‘m mablag‘ sarflangan va bu muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Anjumanda Ozodbek Nazarbekov agar jamoatchilik sarflangan mablag‘ga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, pulni o‘z yonidan qaytarib to‘lashga roziligini aytib o‘tdi.

Bir narsani tushuninglar, bugungi kunda O‘zbekistonni nufuzini ko‘tarishga “Ovoz” loyihasi ham xizmat qiladi. Agar shuning uchun 2 milliard so‘m sarflash jinoyat bo‘lsa, men bunga roziman. Butun dunyoda yagona musiqiy shou mana shu loyiha bo‘lib turibdi va 76 ta davlatda namoyish etiladi. Sarflangan 2 milliard so‘mga malomat qilaversanglar, shu pulni hozir uyimni sotib bo‘lsa ham beraman.

Shunday katta loyiha O‘zbekistonning nufuziga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi? Kelinglar, shu haqda gaplashaylik. Bu loyihaning O‘zbekistonga kirib kelishi Markaziy Osiyoni “poq” etib ko‘zini ochib qo‘ydi-ku. Menga telefon qilib, “Biz qachon qatnashamiz” deb so‘rashyapti. Shu kerak emasmi bizga? Bitta sportchi ham shu ishni qilyapti, nufuzimizni ko‘tarib bermoqda. Bu ham xuddi shunga o‘xshagan, mamlakatni yanada tanitadigan ish. Shu bilan birga, yurtimiz iste’dodlarini birdan xalqaro maydonda ko‘rsatib qo‘ymoqda. Ko‘rsatuv 76 ta mamlakatga uzatilmoqda, shuncha davlatdan e’tibor bo‘lyapti, O‘zbekistonni dunyo xaritasidan qidirishyapti. Shu kerak menga.

Ko‘rsatuv orqali Kubadan va boshqa mamlakatlardan ishtirokchilar kelmoqda va qatnashmoqda. Ishoninglar, bu iste’dodlarni yuzaga chiqishiga, respublikamizning imijiga xizmat qiladi. Bo‘ldi, boshqa narsa bermaydi!
” dedi vazir.

2 milliard so‘m haqida

Vazirlik tomonidan 2 milliard so‘m teleloyiha ustozlari, badiiy rahbar, musiqa direktori, sozandalar uchun gonorar shaklida taqdim etildi.

Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida norozilik keltirib chiqargach, bunga munosabat bildirilgan va konstitutsion huquqlar pesh qilingandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga asosan, har kim munosib mehnat qilish va mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, teleloyihadagi ustozlar, sozandalar va boshqalarga mehnatlari uchun munosib haq to‘lanishi nazarda tutilgan. Madaniyat vazirligi tomonidan rejalashtirilgan mazkur xarajatlar teleloyihani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarning 30 foizini tashkil etadi”, deya qayd etilgan bayonotda.

“Ovoz” (The Voice) haqida

“Ovoz” musiqiy loyihasi The Voice loyihasining rasmiy franshizasi bo‘lib, O‘zbekiston shu teleloyihani namoyish etish huquqini olgan dunyodagi 76-mamlakatdir. Loyiha dastlab niderland prodyuseri Jon de Mol tomonidan o‘ylab topilgan va 2010 yilda niderland televideniyesida namoyish etilgan. Keyinchalik, xuddi shu formatdagi shoular litsenziya ostida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, masalan, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Kanada, Belgiya, Turkiya, Avstraliya, Portugaliya, Braziliya, Tailand, Polsha va Ispaniya kabi davlatlarda paydo bo‘ldi.

Foto: Internet
Ushbu shouni deyarli barcha mamlakatlarning xususiy telekompaniyalar sotib oladi va namoyish etadi. Biror bir davlat ushbu loyiha uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratmasligini e’tiborga olish lozim.

BBC jurnalisti Ibrat Safo Facebook'dagi sahifasida u loyihaga davlat pul tikishi xato ekani haqida shunday yozgan edi:

Nega o‘zi davlat bunga pul sarflayapti? “Ovoz” ko‘rsatuvi hech qayerda davlat darajasidagi strategik loyiha emas. U avvaliga Gollandiyada chiqqan, so‘ng 60 dan oshiq boshqa davlatlardagi kanallar o‘z cho‘ntaklaridan pul sarflab sotib olishgan. Britaniyada oldin ITV kanali sotib oldi, so‘ng BBC. Amerikada NBC, Ispaniyada Antena 3, so‘ng Telesinso. Qanaqa davlat? Kanallarning o‘zlari uni sotib oladi – bu bozor iqtisodi deyiladi. Masalan, Ispaniyada, tasavvur qiling Xulio Iglesias – madaniyat vaziri va bir kanal “Senor Iglesias, 2 mlrd yevro bilan shuni obering” deb boryapti. Buni tasavvur ham qilish qiyin. Davlat juniga kanallar juni aralashmaydi. Nega O‘zbekistonda davlat, ya’ni shundoq ham defitsit budjetdan qaysidir xususiy kanal loyihasi uchun pul sarflanyapti? “Zo‘r TV” zo‘r bo‘lsa, o‘z pulidan sotib olishi kerakmasmi?” deya yozgan edi jurnalist.

“Zo‘r TV” telekanalida namoyish etilayotgan “Ovoz” musiqiy loyihasining ilk murabbiylari sifatida Farrux Zokirov, Sevara Nazarxon, Tohir Sodiqov va Ozodbek Nazarbekov tanishtirilgan.

E’tiborlisi, shouning final bosqichiga unda hakamlik qilayotgan Ozodbek Nazarbekov qudasining qizi — Madlen Sharipova hamda yana bir hakam Sevara Nazarxonning jiyani — Yulduz Nazarxonova yo‘l olgan. Bu esa turli e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Uyimni sotib bo‘lsa ham beraman” — Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” loyihasiga sarflangan 2 mlrd so‘m haqida