“Tatar qizi – 2026” g‘olibiga avtomobil va “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni topshirildi

O‘zbekistonda “Tatar qizi – 2026” xalqaro ko‘rik-tanlovi g‘olibi Amina Mahmudova bosh sovrin — “Zeekr” avtomobili bilan taqdirlandi. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Poytaxtdagi Milliy madaniy markazlar pavilonida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida Amina Mahmudovaga avtomobil topshirildi. Shuningdek, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti talabasi bo‘lgan g‘olibga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni ham berildi.
Turkmanistonda tashkil etilgan xalqaro tanlovning final bosqichida O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmanistondan jami 12 nafar ishtirokchi qatnashdi. Qizlar o‘zaro bellashuvlarda til bilimi, milliy urf-odatlar va madaniyatga oid bilimlari, ijodiy qobiliyati hamda sahna mahoratini namoyish etdi.
Amina Mahmudova o‘z iste’dodi va tayyorgarligi bilan hakamlar e’tirofiga sazovor bo‘lib, tanlovning bosh g‘olibi deb topildi. Vazirning ma’lum qilishicha, bosh sovrin — “Zeekr” avtomobili Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov nomidan topshirilgan.
Ozodbek Nazarbekov yosh g‘olibni muvaffaqiyati bilan tabriklab, unga kelgusidagi ijodiy faoliyatida yangi yutuqlar tilagan. Shuningdek, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini e’tirof etish madaniyat hamda san’at rivojida muhim o‘rin tutishi ta’kidlangan.































Izohlar 0
…