17:46 / 21.08.2024
982

Ustozining o‘g‘liga ko‘ngil qo‘ygan, noyob qobiliyat egasi Yulduz Turdiyeva 39 yoshda

Ustozining o‘g‘liga ko‘ngil qo‘ygan, noyob qobiliyat egasi Yulduz Turdiyeva 39 yoshda
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva san’atkorlar oilasida tug‘ilmagan bo‘lsa-da, bolalikdan xonanda bo‘lishga qiziqqan. U maqom qo‘shiqlarini o‘rganib, davralarda ijro etgan. Yulduz Turdiyeva O‘zbekistonda tanilib ulgurmasidan avval uni turk va ozarbayjonlik muxlislar yaxshi bilishardi. Chunki u xalqaro tanlovlarda maqom qo‘shiqlarini ijro etib, tinglovchilar mehrini qozongandi.

“Onamning biznesini kasod qilganman”

Yulduz Turdiyeva 1985 yili Buxoro viloyatida dunyoga kelgan. Oddiy oilada tug‘ilganiga qaramay, u bolalikdan maqom qo‘shiqlariga qiziqqan. Xonanda bolaligi bilan bog‘liq voqealarni quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Erka qiz bo‘lganman, ota-onam nima desam ham, yo‘q deyishmasdi. Ammo nihoyatda qo‘rqoq bo‘lganman. Hatto maktabga ketayotganimda yo‘limdan mushuk chiqib qolsa ham, qo‘rqib uyga qaytib kelardim. Bu odatlar haligacha saqlanib qolgan. Shu bilan birga, nihoyatda mehribon va qo‘li ochiq qiz bo‘lganman. Onam uyimiz yonida kichik do‘koncha ochgandi. U yerda shokolad, pechene kabi mayda-chuyda shirinliklar ham sotilardi. Ularni olib, sinfdoshlarimga tarqatardim. Onam “Shuncha shokolad qani? Nima qildinglar, biznesni kasod qilib?” desa, indamay turaverardim, deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.

“Gap-so‘zlardan qo‘rqardim”

Yulduz Turdiyevaning san’atkor bo‘lishiga qarshiliklar bo‘lgan. Ammo uni birinchi navbatda ota-onasi qo‘llab-quvvatlagan.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
San’atkor bo‘lsa, unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi, degan gap-so‘zlar hamisha bo‘lgan. Shu bois yaqinlarim hamisha atrofimda bo‘lishga, yomon niyatli odamlardan himoya qilishga harakat qilgan. O‘n besh yoshimga qadar onam hamisha yonimda bo‘lgan. Hech bir tadbir yoki ko‘rik-tanlovga yolg‘iz yuborishmasdi. Keyinchalik bu vazifani akam bajargan, hozirgi kunda esa turmush o‘rtog‘im men bilan birga, deydi xonanda.

“Ustozimning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yganman”

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan san’at kollejida o‘qigani va qaynotasidan tahsil olgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Turmush o‘rtog‘im bilan tengdoshmiz, u bilan Buxoro san’at kollejida birga o‘qiganmiz. Qaynotam ikkimizga ustozlik qilgan, keyin Buxorodan birga Toshkentga kelib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirganmiz. Men qo‘shiq aytardim, turmush o‘rtog‘im esa dovul chalardi. Ammo hech qachon bu inson bilan oila qurishim haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Ikkinchi kursda o‘qiyotganimda menga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarayotganini sezib qolganman. Kursdoshlardan rashk qilishni boshlagan. Yozgi ta’til kunlari men Toshkentda qolardim, u qaynotam bilan to‘y xizmatlariga chiqish uchun Buxoroga ketardi. Ikki oy men uchun nihoyatda og‘ir o‘tganini his qilardim. Chunki Ulug‘bek eng yaqin kursdoshim va himoyachim edi. Xullas, ustozimning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yganman, deydi Yulduz Turdiyeva.

“Qishda oynasiz ijara uyda yashaganmiz”

Yulduz Turdiyeva turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtahol oilada kamol topgan. Bundan tashqari, o‘sha yillari Toshkentda doimiy ro‘yxatda turmagan insonlarning yaxshi ishga joylashishi ham muammo edi. Xonanda hayotidagi eng og‘ir kunlarni quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentga kelganimizda hech narsamiz yo‘q edi. Ishonasizmi, bir yil ichida 10 ta ijara uyda yashashimizga to‘g‘ri kelgan. Sharoiti yaxshisining puli to‘g‘ri kelmasdi. Yoki puli to‘g‘ri kelganining sharoiti qoniqarsiz darajada bo‘lardi. Birinchi qavatdagi deraza oynasi yo‘q xonadonda yashaganimiz hech esimdan chiqmaydi. Kimdir kirib kelsa, nima qilaman, deb tong otgunga qadar uxlolmasdim. Hatto bunday ijara uyga o‘g‘limni olib kelishga qo‘rqib, uni qaynonamga tashlab kelgandim. U paytlarda propiskasizlarni yaxshi ishga olishmasdi. Shu bois turmush o‘rtog‘im bilan ishga joylashishga qiynalganmiz. Hatto qoniqarsiz darajadagi uyni ijaraga olishga ham pulimiz qolmagandi. O‘shanda turmush o‘rtog‘imning do‘stlaridan birining bir xonali uyiga ko‘chib o‘tgandik. U uyda o‘ndan ortiq kishi yashab, bitta qozondan ovqat yerdik, deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.

“Meni g‘oliblikka undagan his — ona mehri”

Ijara uydagi sharoit sabab bolasidan ayro yashashga majbur bo‘lgan xonanda xalqaro musobaqaga katta miqdordagi mukofot puli qo‘yilgani haqidagi xabarni o‘qib qoladi. Onalik mehri uni tanlovda ishtirok etish va g‘alaba qozonishga undaydi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Bolamni sog‘inib yurgan paytimda Ozarbayjonda o‘tkaziladigan Baynalxalq mug‘om festivali haqidagi e’lonni o‘qib qolganman. Bosh sovrin uchun 15 ming AQSH dollari degan joyini o‘qib, ko‘zlarim porlab ketgan. O‘zimcha bu pulga uy sotib olish haqida rejalar tuzganman.

“Qora baxshi” qo‘shig‘i — Ozarbayjon yuragi deyilarkan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ishlaydigan Ochil Matjonovdan qo‘shiqni o‘rgatishini so‘raganman. O‘n ikki kun davomida konservatoriyadan ketmay, qo‘shiqni o‘rganganman. 2009 yili o‘tkazilgan mug‘om festivalida g‘olib bo‘lib, ilk katta mukofotni qo‘lga kiritganman. Toshkentga qaytganimdan keyin uy olish harakatiga tushganman. Hammasi niyatga yarasha bo‘lar ekan, o‘sha paytda 15 000 AQSH dollariga shahar markazidan ikki xonali uy berardi. Uy sotib olib, oilam bilan unga ko‘chib o‘tganmiz. Bu festival hayotimga quvonch olib kirgan. G‘olib bo‘lishimga esa onalik mehri sabab bo‘lgan
, deydi xonanda.

“Bahodir Yo‘ldoshev meni chetlashtirmoqchi bo‘lgan”

Yulduz Turdiyeva “Sharq taronalari”da qatnashgan yili rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevdan tanbeh eshitgani va yig‘lab yuborgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
“Sharq taronalari” festivaliga tayyorgarlik bir necha oy davom etardi. Ilk marta qatnashgan yilim bir inson kelib, farzandining to‘yida ishtirok etishimni qattiq iltimos qilgan. “Yo‘q, bu yerdan ketolmayman”, deganman. Ammo u inson ham oyoq tirab turib olgan. Oxiri repetitsiya bo‘lmaydigan vaqtga to‘yni to‘g‘rilab, borib kelishni reja qilganmiz. Aksiga olib, o‘sha vaqtda rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev meni izlab qolgan ekan. To‘yga ketganim haqida eshitib, rosa jahli chiqqan. Menga qattiq tanbeh berib, festivaldan chetlashtirmoqchi ham bo‘lgan. Yig‘lab vaziyatni tushuntirganim ham foyda bermagan. Faqatgina ertasi kuni “Mayli, bu senga oxirgi ogohlantirish” degan, deydi xonanda.

Biotoki borligi rostmi?

Xonanda noyob xislatli insonlar toifasiga kiradi, unda biotok kuchli bo‘lgani uchun temir jismlar uning tanasiga yopisha oladi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Bu qobiliyat hisoblanadimi-yo‘qmi, bilmayman. Qo‘limga, yuzimga qoshiq va sanchqilar yopishadi. Bunday xislatim borligini bolaligimdayoq bilganmiz, deydi Yulduz Turdiyeva

“Siz turmush o‘rtog‘ingizdan ko‘p pul topasiz”

Yulduz Turdiyeva turmush o‘rtog‘i nega sozandalik qilmayotgani va unga nisbatan salbiy fikr bildiradigan insonlarga quyidagicha javob bergan.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Ilgari to‘y va konsertlarda turmush o‘rtog‘im sozandalik qilardi. U professional va o‘z kasbini sevadigan inson edi. Ammo oila qurganimizdan keyin ma’murlik va sozandalik qilish uni bir oz charchatib qo‘ydi. Shundan keyin “Ulug‘bek, siz sozandalik qilmay, yonimda bo‘lsangiz bo‘ldi”, dedim. Chunki ma’murlikning ham bosh og‘riqlari ko‘p. “Siz turmush o‘rtog‘ingizdan ko‘p pul topasiz”, deb unga nisbatan negativ fikr bildirayotganlardan ranjiyman. Chunki odamlar bilan ishlash qiyin, agar u ma’murlik qilmaganida, men bemalol qo‘shiq aytolmagan bo‘lardim, deydi Yulduz Turdiyeva.

Foto: Instagram / @yulduz_turdiyeva_official
Yulduz Turdiyeva 2023 yilda ikki o‘g‘ildan keyin qiz farzandli bo‘ldi. 38 yoshida dunyoda kelgan qizalog‘iga Mehribon deb ism qo‘ydi. Homiladorlik va tug‘uruqdan keyin to‘lishganini ko‘pchilik kuzatuvchilari tanqid qilishdi. Xonanda bunday gap-so‘zlarga e’tibor bermasligi, muhimi o‘zi va farzandi sog‘ ekanligini aytib o‘tdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ustozining o‘g‘liga ko‘ngil qo‘ygan, noyob qobiliyat egasi Yulduz Turdiyeva 39 yoshda