Xonanda Hilola Hamidova “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” koʻrsatuviga bergan intervyusida turmushidagi qiyinchiliklar hamda fe'-atvoridagi oʻziga pand bergan jihatlar haqida gapirdi.
Foto: Instagram
— Turmush qurganimizga 17 yil boʻldi. Turmushimiz davomida sinovlar, qiyinchiliklar boʻldi. Qiyinchilik deganda turmush oʻrtogʻim bilan bir-birimizni tushunmay qolgan damlarni nazarda tutyapman. Ana shunday sinovlardan oʻtib, endi bir-birimizni tushunib boshlaganimizda munosabatlarimizni koʻz-koʻz qilsam, koʻz tegib qolmasin deb, koʻp ham shaxsiy hayotim haqida gapirmayman. Yaqinda turmush oʻrtogʻim bilan bir restoranga borganimizni videosini Instagram’ga joylagandim, shundan keyin ular juda qattiq kasal boʻlib qoldilar, ertalabgacha uxlamay chiqdilar. Koʻpchilik meni turmushga chiqmagan, ajrashgan deb ham oʻylar ekan. Shuning uchun, oʻylashimcha, qiziqish kuchli boʻlgan.
Foto: Instagram
Xonanda, shuningdek, turmushdagi qiyinchiliklar unga nima oʻrgatgani haqida ham gapirib oʻtdi.
— Men oʻta jiddiy edim. Agar kulib, tabassum qilib yursam, odamlar meni yengiltak deb oʻylaydi, deb oʻylardim. Chunki odamlarning shunaqa fikrlarini koʻp eshitganman. Turmush qurganimdan soʻng esa jiddiyligim oʻzimga pand bergan vaqtlar ham boʻldi. Ozgina tushunmovchilik boʻlsa ham jiddiy olib, janjallashib ketardim. Vaholanki, shunaqa vaziyatlarni ayol kishi bir oz kulib engib oʻtishi kerak ekan. Ayam “Oʻzingni ozgina dovdirlikka solgin, hamma narsani yuragingga yaqin olaverma”, deydilar, oʻzi hayotda sal dovdirroq boʻlish kerak ekan, deydi xonanda.
Foto: Instagram
Hilola Hamidovaning aytishicha, turmushga chiqqanidan soʻng jiddiyligidan voz kechishiga toʻgʻri kelgan.
— San'atkor boʻlib, elga tanila boshlaganimda menga eng koʻp pand bergan narsa — uyatchanligim boʻlgan. Chunki men uy qizi boʻlganman. Hozir ham san'atni yigʻishtirish fikri kelyapti xayolimga. Shunda turmush oʻrtogʻim “Zerikib qolmaysizmi?”, deydi. Men esa “Yoʻq, mazza qilib uyda oʻtiraman”, deyman. Hozir ham oʻzim bilan oʻzim kurash jarayonidaman. Hech qachon “san'atdan erta ketaman” degan qarorga kelaman, deb oʻylamagandim. Lekin bu fikr oʻtgan yili, ayniqsa, bu yil juda kuchaydi, deydi xonanda.
Xonanda hayotida yuz bergan shukr qilishga undovchi voqea haqida ham soʻzlab berdi.
— Yaqinda turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda Toshkentdan oʻzimiz ancha vaqtdan beri xarid qilishni orzu qilayotgan joyimizdan hovli sotib oldik. Hovlining egasi bilan narxini kelishib boʻlganmiz, lekin qoʻlimizda hech qancha pul yoʻq. Shunda tanishlardan pul soʻradik, hech kimdan chiqmadi. Ilojsiz faqat Allohga yuzlandik va 2 oy ichida Alloh nasib qilib, oʻsha hovlini sotib olishga muvaffaq boʻldik. Shu voqea meni shukr qilishga undadi, deydi Hilola. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar