21:29 / 15.02.2025
51 442

Xorazm toʻylaridagi “birrovi” eng qimmat xonanda Feruza Jumaniyozova 41 yoshda

Xorazm toʻylaridagi “birrovi” eng qimmat xonanda Feruza Jumaniyozova 41 yoshda
14 fevral sanasida “Yalla habibi” va “Kel azizim” qoʻshiqlari bilan muxlislar mehrini qozongan taniqli xonanda Feruza Jumaniyozova 41 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan bir necha yillik “zapret” tufayli ijoddan uzoqlashgan, stress sabab ortiqcha vazn olgan hamda hozirda yana faol ijodga qaytgan xonandaning ichki olamiga nazar tashlaymiz, deb yozmoqda Daryo nashri.

Foto: Instagram
Ijoddagi tanaffus sababi

— Ijodda tanaffus qilishimga semirib ketganim sabab boʻldi. Oldinlari ideal koʻrinishda sahnaga chiqqanim uchun tashqi qiyofamdan uyala boshladim. Bunaqa holatda muxlislarim koʻziga koʻrinishni xohlamadim. Faqat farzand tarbiyasi bilan band boʻldim, desam xato boʻladi. Shuning uchun faqat toʻylarga chiqib turdim. Tashqi koʻrinishdan rozilik ayol kishi uchun juda muhim. Inshaalloh, katta sahnada kontsert qoʻyish niyatim bor.

“Zapretga tushganimda odamlarning asl yuzini koʻrdim”

— 20 yil oldingi Feruzaning va hozirgi Feruzaning ancha farqi bor. Chunki men ona boʻldim. Uy bekasiga aylandim. Bundan afsuslanmayman. Oldingi va hozirgi dunyoqarashim oʻrtasida ancha farq bor. Odamlarni bilib oldim. Yulduz darajasida yurgan paytim menga jonini berishga tayyor boʻlgan muxlislarim, doʻstlarim “zapret”ga tushganimda tashlab ketishdi. Yonimda hech kim qolmadi. Bir tomondan “zapret”ga tushishim, oʻtirib qolishim menga sinov vazifasini bajardi. Yonimda yurganlarni yaxshi tanib oldim.

Foto: Instagram
“Toshkentga onam bilan bitta oʻrindiqda oʻtirib kelganmiz”

— Toshkentga kelishimiz juda qiziqarli boʻlgan. Orqaga nazar tashlaydigan boʻlsam ham yigʻlayman, ham quvonaman. Oʻsha paytlarda san'atkor boʻlganimdan afsuslanardim. “Ayajon nimaga azob chekyapmiz?”, deb yigʻlardim. Endi oʻylab qarasam, menga u kunlar esdalik boʻlib qolib ketdi. Hozir “Oʻsha kunlarga yana qaytasanmi?”, deb soʻrashsa, hech ikkilanmay, “Qaytaman”, deyman. Hayotda qiyinchilikdan qoʻrqmaslik kerak ekan. Koʻrgan qiyinchiliklarim keyin yaxshiliklarga xizmat qildi.

San'atni deb tibbiyotni tark etgan xonanda

— 99 yillarda tibbiyot kollejida oʻqirdim. Ayamga “Qoʻshiqchi boʻlaman”, dedim. Ayam esa “Sen shifokor boʻlishing kerak, qayerdan chiqdi bu gap?”, dedi. “Ayajon qoʻshiqchi boʻlganimda ham yaxshi qoʻshiqchi boʻlaman”, dedim. Ayam oʻzi san'atkor boʻlgani uchun “Mayli, menga qoʻshiq xirgoyi qilib ber, agar menga yoqsa, rozi boʻlaman”, dedi. Ayam menda Xorazmcha qoʻshiq aytishimni kutgan. Men esa estrada yoʻnalishida kuylashni istardim. Ayam “Bu yoʻl ogʻir yoʻl. Poytaxt bir daryo, biz esa kichkina ariqmiz. Moʻljalni unaqa katta olma”, dedilar. Men esa koʻnmadim.

Foto: Instagram
San'atga ilk qadamlar

— Bu birinchi oʻrinni olish men kutayotgan marra emasdi. Biz koʻrik tanlovdan keyin uyga qaytib ketdik. Keyinroq esa “Yulduz shou” oʻtkazildi. Oʻshanda bizni chaqirishdi. Shundan keyin omad kulib boqdimi, ijod boshlanib ketdi.

“Toshkentga kelganimdan keyin qiyinchiliklarning zoʻri boshlangan”

— Mablagʻ tomondan juda koʻp qiyinchiliklar boʻlgan. Ayam bilan Xorazmdan Toshkentga avtobusning bir oʻrindigʻiga oʻtirib kelganmiz. Bir kuni esimda bor, ayamning tizzasiga oʻtirib kelayotgandim, ayam juda charchadi va yonimizda oʻtirgan harbiy boladan bir ozga boʻlsa-da menga joy berib, oʻzi tik turib turishini iltimos qildi. U esa “Men ham xizmatni oʻtab, charchab kelyapman, xola” deb unamadi. Shu tariqa manzilga etgunimizcha ayamning tizzasida oʻtirib ketdim. Oʻshanda ikki oʻrindiq uchun bilet olishga pulimiz yoʻq edi. Endi oʻylab qarasam, Toshkentga kelganimizdan keyin koʻrgan qiyinchiliklarimning oldida bu mashaqqatlar hech narsa emas ekan. Har xil tuhmatlar boʻldi. Siz bir onaning bokira qizisiz. Sizga “Qizing mening erim bilan yurdi”, deyishsa, tasavvur qiling onangizga qanday ogʻir botishini?

“Insonga onadan boshqa hech kim doʻst boʻla olmaydi”

— San'atdan doʻst topish mumkin, lekin san'atkorlar ichidan emas. Chunki san'atkor san'atkorga hech qachon doʻst boʻlmaydi. Oʻzi bir inson boshqasiga doʻst boʻla olishiga ishonmayman. Inson uchun faqat ona doʻst boʻla oladi. Men onamdek doʻst topa olmadim hayotda.

Ma'lumot uchun, Feruza Jumaniyozovaning onasi Zuhra Jumaniyozova 2024 yilning aprel oyida vafot etdi.

Foto: Instagram
“Xiyonatni kechirmayman”

— Bir inson mening ishonchimni poymol qilsa, u uchun koʻnglim eshiklarini yopaman. Koʻrganimda salom, deyishim mumkin. Lekin u inson men uchun yopiq eshik boʻladi. Bir inson sizga xiyonat qilsa, qanday qilib uni uyingizga olib kirib, toʻrga oʻtqazib qoʻyasiz? Men uchun jonini beradigan, metrlab xatlar yozadigan muxlislarim, sizsiz oʻlib qolaman degan shogirdlarim bor edi. Lekin ular kezi kelsa meni toʻyiga aytmadi, bitta SMS yozib qoʻyishga yaramadi.

Kutilmagan “zapret”

— 2007 yilda “zapret”ga tushdim. “Xalqlar doʻstligi”da kontsert qoʻyayotgandim, bannerlar osilgan, reklamalar ketyapti. “Kontsert toʻxtatildi, sen “zapret”ga tushding”, deyishdi. “Nimaga? Sabab nima?”, dedim. Savollarimga hech kim javob bermadi. Oradan 6-7 yil oʻtdi, lekin taqiq echilmadi. Onam bilan bormagan joyimiz, taqillatmagan eshigimiz qolmadi. Lekin joʻyali javob eshitmadik. “Zapret”ning sababini bilmaslik insonni tushkunlikka tushirib qoʻyadi. Ana oʻshanda men birinchi stressimni oldim va semirib keta boshladim. Muxlislarim qachon kontsert qoʻyasiz, deb soʻrardi, ularga javob bera olmasdim. Balki oʻsha vaziyatda ham ijodimni davom ettirishim kerak boʻlgandir, lekin men tushkunlikka tushib qoldim, shokdan chiqib keta olmadim.

Eng baxtli ayol kim?

— Eng baxtli ayol oilani saqlab qola olgan ayol. Garchi puli boʻlmasin, qimmat mashinasi, uyi boʻlmasin, boringki chiroyli koʻylagi ham boʻlmasin, lekin eri va farzandi bor ayol dunyodagi eng baxtli ayol deb hisoblayman.

Ma'lumot uchun, Feruza Jumaniyozovaning xit qoʻshiqlaridan biri — “Yalla habibi” turli millat vakillari tomonidan oʻzbek tilida ijro etilgan. Xususan, ushbu qoʻshiq arab millatiga mansub Leyla ismli qiz tomonidan ham kuylangan.

Qoʻshiqning hindistonlik 15 yoshli Yumna Ajin ijrosidagi versiyasi ham ancha ommalashgan.

“Birrov” xizmati eng qimmat xorazmlik xonanda

Ma'lumotlarga koʻra, Feruza Jumaniyozova Xorazm toʻylariga kirib, yarim soat qoʻshiq kuylab berishi uchun unga 5000 dollar toʻlash kerak boʻladi. Bu esa boshqa xorazmlik xonandalar bilan solishtirilganda eng qimmat narx hisoblanadi. Xususan, “Xorazm bulbuli” deya ta'riflanuvchi Ogʻabek Sobirov Xorazm toʻylariga 3000 dollar evaziga boradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat