date
views 1 747

Sulton harami haqidagi seriallardan uzoq bo‘lgan achinarli haqiqat

Sulton harami haqidagi seriallardan uzoq bo‘lgan achinarli haqiqat
«Muhtasham yuz yil» serialini ko‘rgan muxlislar haramni tinimsiz dabdabalar va hashamatli dasturxonlardan iborat joy sifatida tasavvur qilishadi. Ularga ko‘ra, bu yerda ayollar kun bo‘yi atrofi shirinliklar bilan bezatilgan dasturxonlar yonida suhbatlashib o‘tirishgan, barcha yoqimli taomlar va lukumlardan bahramand bo‘lishgan. Ammo tarixning haqiqiy sahifalari bu tasvirdan mutlaqo farq qiladi.

Haqiqatda esa Usmonli sultonlarining haramidagi taomnomalar ko‘proq imperiya askarlari uchun belgilangan armiya ratsioniga o‘xshagan. Serialda Xurramning turli shirinliklar, jumladan lukum bilan hordiq chiqarayotgan tasvirlari voqelikdan ancha uzoq edi.

Haramidagi kanizaklar nima yegan?

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, haramdagi asosiy ovqat miqdori juda cheklangan va qat’iy nazorat ostida bo‘lgan. Kanizaklarga bir mahalda 250 grammdan ko‘p bo‘lmagan taom berilgan. Ularga kundalik ovqat ikki mahaldan ortiq berilishga yo‘l qo‘yilmagan va bundan tashqari qo‘shimcha yegulikka ruxsat berilmagan. Faqat ochlik tufayli bosh aylanishining oldini olish maqsadida, ularga kuniga bir-ikki qultum quyuq shirin sharbat ichishga ruxsat etilgan, xolos.

Usmonlilarning bu kabi qattiq tartib-qoidalari xasislikdan emasdi. Ular yuzlab ayollarning haramda jismoniy faoliyatsiz qolib, ortiqcha taom va shirinlik iste’mol qilishi semizlikka olib kelishini yaxshi bilgan. Shu sababli ham haramdagi ovqatlanish qat’iy nazorat ostida bo‘lgan. Albatta, o‘sha davr uchun biroz to‘laroq ayollar ham go‘zal hisoblangan, ammo bu hech qachon chegaradan chiqmasligi kerak edi.

Haramda hamma ayollar bir xil ovqatlanganmi?

Yo‘q, haramda ham ma’lum bir iyerarxiya bo‘lgan. Ovqatlanish tartibi ham ayolning haramdagi o‘rniga ko‘ra belgilangan. Oddiy kanizaklar eng sodda va kamyob bo‘lmagan taomlar bilan kifoyalanishgan, sulton va uning yaqin doirasidan o‘rin olgan ayollar esa ko‘proq lazzatli va xilma-xil taomlar bilan ta’minlangan.

Serialda tez-tez uchraydigan holva, lukum va turli shirinliklar haramning ko‘pchilik ayollari uchun faqat bayram kunlarida dasturxonga qo‘yilgan. Sulton mehrini qozongan ayollarga esa alohida e’tibor qaratilishi mumkin bo‘lgan va ular uchun ikki-uch kunlik maxsus menyular tuzilgan. Chunki Usmonlilarda yaxshi va serhosil taomlanish homiladorlik imkoniyatini oshiradi deb hisoblashgan. Homilador bo‘lgan kanizaklar uchun ham taomnomaga ikki-uchta qo‘shimcha taom kiritilgan.

Shunday qilib, muxlislar seriallardan ko‘rib, tasavvur qilgan haram hayoti va taomnoma haqidagi tasavvurlar aslida ko‘p hollarda tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Haqiqiy Usmonli harami bu – seriallarda ko‘rsatilgandan ancha qat’iy, intizomli va hatto ba’zi jihatlari bilan qattiq shart-sharoitlarga ega joy bo‘lgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sulton harami haqidagi seriallardan uzoq bo‘lgan achinarli haqiqat