Zokir Ochildiyev: “Ota-onani rozi qilishni kechiktirmang”

Qiziqchi, so‘z ustasi Zokir Ochildiyev “Nima gap” loyihasiga bergan intervyusida hayotidagi ta’sirli voqealardan birini samimiy tarzda so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, bir kuni onasining tug‘ilgan kuni munosabati bilan kichik bayram uyushtirishni rejalashtirgan. Biroq onasi bu taklifga rozi bo‘lmagan.
“Onamning tug‘ilgan kunlari edi. Dugonalarini chaqirib, bir xursandchilik qilaylik desam, ko‘nmadilar. Axir ota-onalar farzandini ortiqcha xarajatga qo‘yishni istashmaydi, qiyin ahvolga solib qo‘yishdan xavotir olishadi. Keyin dugonalarining ko‘pini yashirincha chaqirib, syurpriz qildik. Ularga hech narsa demadik. O‘shanda onamni juda boshqacha — chin dildan xursand bo‘lganini ko‘rganman”, — deydi u.
So‘z ustasi ushbu voqeadan keyin hayotida og‘ir damlar boshlanganini ham qo‘shimcha qildi.
“Oradan bir-ikki oy o‘tib, onam kasal bo‘lib qoldilar. Keyinchalik sog‘liqlari yanada yomonlashdi va ikki-uch yildan keyin vafot etdilar. Shundan keyin tushundimki, yemayman deyaptilarku deb, yaxshi ko‘rgan ovqatini olib bermaslik, kiymayman deyaptilarku deb, yoqtirgan kiyimini sovg‘a qilmaslik noto‘g‘ri ekan. Yegim kelmayapti deyishsa ham yoqtirgan taomini olib berishimiz, kiymayman deyishsa ham yaxshi ko‘rgan ko‘ylagini sovg‘a qilishimiz kerak ekan. Aks holda kech qolishimiz mumkin”, — dedi u.
Zokir Ochildiyevning fikricha, insonlarning ko‘pincha imkoniyatlari kengaygan, qo‘li hamma yerga yetgan paytda ota-onalari yonida bo‘lmasligi mumkin.
“Ko‘pincha ishlarimiz yurishib ketgan paytda, hamma narsaga imkonimiz yetganda, ota-onamiz yonimizda bo‘lmaydi. Shuning uchun ular tirikligida, bor vaqtida orzu-havaslarini bajo keltirish kerak”, — deb so‘zini yakunladi u.
So‘z ustasining bu samimiy va ta’sirli gaplari tomoshabinlarni befarq qoldirmadi. Ko‘plab insonlar uning fikrlariga qo‘shilib, ota-ona qadrini o‘z vaqtida bilish zarurligini ta’kidlashmoqda.