Anvar Sobirov: “Begona bahor”dan keyin to‘ylarda keskin sovuq munosabat bo‘lgan

Taniqli xonanda va aktyor Anvar Sobirov “Xush kelibsiz” ko‘rsatuvida ishtirok etib, o‘zining eng mashhur rollaridan biri — “Begona bahor” filmidagi ishtiroki ortidan yuzaga kelgan kutilmagan holatlar haqida ochiq so‘zlab berdi.
San’atkorning aytishicha, film namoyishidan keyin bir necha yil davomida uning hayoti ancha o‘zgargan. U 3–4 yil mobaynida to‘ylarga borganida avvalgi iliq munosabatni deyarli sezmaganini ta’kidladi.
“Filmdan keyin men tomoshabinlar nazarida Nargizani xafa qilgan, xo‘rlagan va yomon inson sifatida gavdalangan ekanman. Shu sabab xalq meni o‘sha obraz bilan qabul qilgan”, — dedi u.
Sobirovning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi to‘ylarda mehmonlar tomonidan kinoyali, hatto qo‘pol munosabatlar ham bo‘lgan. U bunday vaziyatlarda o‘zini noqulay his qilganini yashirmadi. “Eee, beting qursin, ana o‘sha kelibdi”, degan kabi gap-so‘zlar ham qulog‘iga chalinganini eslab o‘tdi.

Bu holat san’atkorni o‘ylantirib qo‘ygan va u o‘z ustoziga murojaat qilgan. Ustoz esa vaziyatga boshqacha yondashib, buni salbiy emas, aksincha, ijodkor uchun katta yutuq sifatida baholagan.
“Bu sening yutug‘ing, demak rolni shunchalik ishonchli ijro etgansan. Bunga quvonishing kerak”, — degan ustozining so‘zlari Sobirovga katta saboq bo‘lgan.
San’atkor bugun o‘sha davrni ijodiy tajriba va muhim hayotiy dars sifatida eslaydi. Uning fikricha, haqiqiy aktyorlik tomoshabinni ishonishga majbur qiladigan darajadagi ijro bilan o‘lchanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!