Anvar Sobirov to‘ylardagi odatni tanqid qildi: “San’atkorning ustidan pul sochish — haqorat”

Anvar Sobirov to‘ylardagi odatni tanqid qildi: “San’atkorning ustidan pul sochish — haqorat”
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xorazmlik xonanda va aktyor Anvar Sobirov to‘ylarda san’atkor ustidan pul sochishni haqorat deb biladi, chunki san’atkorning ijodi pul bilan emas, balki tinglovchi va hurmat bilan baholanadi.
  • Uning fikricha, bu chet eldan kirib kelgan, ustozlar davrida bo‘lmagan odat bo‘lib, pulni oyoq osti qilish millat yuzini yerga urish bilan barobardir.
  • Anvar Sobirovning ushbu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

“Afisha”ga bergan intervyusida xorazmlik xonanda va aktyor Anvar Sobirov to‘ylarda san’atkorning ustidan pul sochish holatiga munosabat bildirdi.

Undan “To‘ylarda san’atkorning ustidan pul sochish holatiga munosabatingiz qanday va sizdan pul sochilganda vaziyatdan qanday chiqasiz?” deb so‘ralgan.

“Men buni san’atkor uchun haqorat deb bilaman. San’atkorning san’ati pul bilan baholanmaydi. U o‘tirib eshitish, qarsak va hurmat bilan baholanadi. Bu bizga chet eldan kirib kelgan odat. Ustozlarimiz davrida bunday narsa bo‘lmagan.

Puling ko‘p bo‘lsa, san’atkorni hurmat qilgan holda cho‘ntagiga qistirib qo‘y. Ko‘nglingdan chiqsa ber, chiqmasa hech kim majbur emas. Lekin uning ustidan pul sochish noto‘g‘ri. Birinchidan, pulda yurtimizning gerbi bor. Uni oyoq osti qilish mumkin emas. U millatning yuzi”, — dedi xonanda.

Anvar Sobirov bunday holat o‘zining ham boshidan o‘tganini aytdi. Uning fikricha, ko‘pincha pul sochayotgan odam buni o‘zida bo‘lgan holda qilmaydi, balki spirtli ichimlik ta’sirida shunday harakat qiladi. Bunday vaziyatda san’atkorning o‘sha joyning o‘zida e’tiroz bildirishi esa to‘y egasini noqulay ahvolga solib qo‘yishi mumkin.

Xonanda pul sochish san’atkorning obro‘sini oshirmasligini, aksincha, odamlarning unga bo‘lgan munosabatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.

“Shuncha puling ko‘p bo‘lsa, yetim-yesirga, ehtiyojmandga ber. San’atkorga u yerdan oladigan puli yetadi. Beradigan bo‘lsang, hurmat bilan ber. San’atkorning ustidan pul sochish unga hurmat emas, haqorat”, — dedi Anvar Sobirov.

Uning fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatuvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, iliq izohlar qoldirilgan.

Siz Anvar Sobirovning fikrlariga qo‘shilasizmi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar