date

Anjelika Yesimbetova: “Oila qurib, farzandli bo‘lishni istayman”

Anjelika Yesimbetova: “Oila qurib, farzandli bo‘lishni istayman”

Kino va teatr aktrisasi Anjelika Yesimbetova “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” dasturida mehmon bo‘lib, hayotining eng og‘ir va ta’sirli davrlari haqida ochiqchasiga so‘zlab berdi. Suhbat davomida aktrisa tabiiy yo‘l bilan vazn tashlash tajribasi, ijodiy maqsadlari hamda oila qurish orzusi haqida fikr bildirdi.

Aktrisaning aytishicha, qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar sabab gormonal dori vositalarini qabul qilgan va bu uning vazni keskin oshishiga olib kelgan. Shu davrda u “Namozshomgul” filmi uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lib, rol talabiga ko‘ra avval ortiqcha vaznda, keyin esa ancha ozgan holda ko‘rinishi kerak edi.

O‘sha vaqtda uning vazni 151 kilogrammga yetgan. Kartina ssenariyiga muvofiq, kamida 30 kilogramm ozishi talab qilingan. Aktrisa bu jarayonda hech qanday operatsiya yoki sun’iy usullarga murojaat qilmaganini ta’kidladi. U to‘rt oy davomida deyarli tashqi dunyodan uzilib, faqat fitnes, to‘g‘ri ovqatlanish va mutaxassislar tavsiyasi asosida harakat qilgan.

Natijada birinchi oyning o‘zida 12 kilogramm, uch oyda 33 kilogramm, suratga olish ishlaridan keyin esa yana 7 kilogramm vazn tashlab, jami 40 kilogramm ortiqcha og‘irlikdan xalos bo‘lgan.

Anjelika Yesimbetova davlat filmlarida tarbiyaviy g‘oya birinchi o‘rinda turishi kerakligini ham ta’kidlab, odamlarga yengil yo‘l emas, sog‘lom va tabiiy usullar namuna bo‘lishi lozimligini aytdi.

Suhbat davomida aktrisa shaxsiy hayoti haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi dastlab aktrisa bo‘lishini istamagan. Sabab sifatida esa bu kasbda oila qurish qiyinligini aytgan. Shunga qaramay, u aktyorlik sohasini tanlagan va oilasi uchun katta mas’uliyatni zimmasiga olgan.

Aktrisa turmush qurmagani haqidagi savollar unga og‘ir botishini ham yashirmadi.

“Mening o‘rnimda bir kun yashab ko‘rib, keyin xulosa qiling”, deydi u.

Uning ta’kidlashicha, mashhurlik va muxlislar mehri insonni to‘liq baxtli qilmaydi. Eng katta orzusi — oila qurish, farzandli bo‘lish va shu bilan birga ijodda ham yuksak natijalarga erishish.

Anjelika Yesimbetova kelajakda xalqaro miqyosda ijod qilishni, hatto Amerikada ham faoliyatini davom ettirishni rejalashtirayotganini aytdi. Shuningdek, u o‘zbek va qoraqalpoq san’ati tarixida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi ayol aktrisa bo‘lishni orzu qilishini ham ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Anjelika Yesimbetova: “Oila qurib, farzandli bo‘lishni istayman”