Barno Teshaboyeva: “Bir og‘iz gapimdan keyin uyim paypoqqa to‘lib ketdi!”

Barno Teshaboyeva “Omon-Omon” ko‘rsatuvida ishtirok etib, o‘z hayotidagi kulgili va esda qolarli voqealardan birini so‘zlab berdi.
Aktrisa aytishicha, bundan 5–6 yil oldin bir intervyusida ““paypoqlarim tugab qoldi, endi nima qilaman” deb hazilomuz tarzda gapirib o‘tgan. Ammo bu oddiy gap kutilmagan darajada katta aks-sado bergan.
“Shundan keyin Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston — xullas, deyarli butun dunyodan menga paypoqlar yuborila boshladi. Hozir uyimda bir qop paypoq bor. Har bir ko‘rsatuvga yangi paypoq kiyib boraman. Mana, bugun ham yangisini kiyganman”, — deya kulib hikoya qiladi aktrisa.
Barno Teshaboyeva kiyinish uslubi haqida ham samimiy fikr bildirib o‘tdi. Uning aytishicha, ko‘plab san’atkorlar kabi hashamatli garderobga ega emas. Aksincha, ayrim kiyimlarini o‘zi tiktiradi, ba’zilarini esa arzon bozorlar va ko‘cha savdosidan topadi.
“Ko‘p san’atkorlarning uyiga borsangiz, ular faxr bilan garderobini ko‘rsatadi. Men esa hazillashib: 'Keldinglarmi parazitlar, endi sizlarga nimani ko‘rsataman?' deyman. Garderobimni ochsam — Alfiyaning paypoqlari, kostyumlar va oddiy kiyimlar turadi”, — deya kulib qo‘shimcha qildi u.
Aktrisaning bu samimiy va kulgili hikoyasi tomoshabinlar kayfiyatini ko‘tardi hamda ijtimoiy tarmoqlarda ham iliq munosabatlarga sabab bo‘ldi.






























Izohlar 0
…