Bobur Yo‘ldoshev: “Ota-onangiz vafot etganda nega yig‘lashingizni bilasizmi?” (video)

Bobur Yo‘ldoshev: “Ota-onangiz vafot etganda nega yig‘lashingizni bilasizmi?” (video)
Qisqacha

Aktyor Bobur Yo‘ldoshev intervyularining birida ota-onani yo‘qotish va inson kechinmalari haqida o‘ziga xos fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U ota-ona vafot etganda inson ularsiz qolganini his qilib, o‘zi yolg‘iz qolgani uchun yig‘lashi va bu holatda inson tabiatidagi egoizm borligini ta'kidladi. Shuningdek, aktyor onasi og‘riqdan azob chekayotganini ko‘rgandagi ko‘zyoshlarida esa egoizm yo‘qligi, u yerda faqat mehr va achinish tuyg‘usi bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Aktyor Bobur Yo‘ldoshev intervyularidan birida ota-onani yo‘qotish va inson kechinmalari haqida o‘ziga xos fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytgan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Suhbat davomida aktyor boshlovchiga: “Ota-ona vafot etganda odam nega yig‘laydi?” degan savolni berdi. Boshlovchi esa bunga: “Afsusdan”, deya javob qaytardi.

Bobur Yo‘ldoshev esa bunga boshqacha yondashishini aytdi.

“Yo‘q. Ota-onangiz vafot etganda siz ularsiz qolganingizni his qilasiz. Aslida, o‘zingiz yolg‘iz qolganingiz uchun yig‘laysiz. Bu — inson tabiatidagi egoizm. Har bir odamda bu tuyg‘u bor”, — dedi aktyor.

Shundan so‘ng u fikriga izoh berib, ota-onaning dard chekayotganini ko‘rish esa mutlaqo boshqa tuyg‘u ekanini ta’kidladi.

“Siz ota-onangizni ular qattiq kasal bo‘lganda yoki og‘riqdan azob chekayotganini ko‘rganingizda yig‘laysiz. Men buni boshdan kechirganman. Onam qattiq og‘riqni menga sezdirmaslikka harakat qilardilar. Men esa xonaga kirib yig‘lardim. Ana o‘sha holatda egoizm yo‘q, u yerda faqat ota-onaga bo‘lgan mehr va achinish hissi bor”, — deya qo‘shimcha qildi Bobur Yo‘ldoshev.

Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Izohlarda ko‘plab foydalanuvchilar aktyorning fikrlarini qo‘llab-quvvatlab, uning aytganlari hayotiy va chuqur mulohaza ekanini ta’kidlashmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar